Light | 09:08 / 26.11.2019
18194
13 daqiqa o‘qiladi

Google, Amazon, Wikipedia va boshqalar. Siz qaysi mashhur brend bilan tengdoshsiz? (3-qism)

Angliyaning Love Money portali 1945-2001 yillar davomida faoliyatini boshlagan yirik kompaniyalarni sanab, ularga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Ro‘yxatga qarab, 18 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lganlar o‘zlari tug‘ilgan yilda qaysi mashhur kompaniyaga asos solinganini bilib olishlari mumkin.

Avvalgi ikki maqolada 1945-1960 va 1961-1980 yillarda asos solingan yirik brendlar haqida so‘z yuritilgan edi. Bugun yakuniy qismda 1981-2001 yillarda ish boshlagan dunyo miqyosidagi yetakchi kompaniyalarni sanab o‘tamiz.

1981 yil – Bloomberg

Xususiy moliyaviy mediakompaniya. Asosiy mahsulotlari – moliyaviy axborot bilan ta'minlovchi Bloomberg Terminal tizimi, Bloomberg News yangiliklar agentligi, Bloomberg Television telekanali, Bloomberg Businessweek va Bloomberg Markets jurnallari.

Maykl Blumberg mazkur kompaniyasini Nyu-Yorkda, Solomon Brothers bankining sotilishidan tushgan 10 million dollar evaziga tashkil etgan. U bankda bosh hamkor edi. Blumberg real vaqt rejimida Uoll-stritdagi moliyaviy ma'lumotlar, hisob-kitob va tahliliy axborotlarni yetkazish bo‘yicha o‘zining axborot texnologiyalari tizimini ishlab chiqqan.

1982 yil – Adobe Systems

Xerox`ning sobiq xodimlari Charlz Geshk va Jon Uornok tomonidan tashkil etilgan. Ular kompyuter bosmasi uchun PostScrip sahifalari ta'rifi tilini rivojlantirish bilan shug‘ullanishgan va texnologiya bilan savdo qilishgan. 1985 yilda Apple PostScript’ni LaserWriter printerlarida qo‘llash uchun litsenziyaladi. Til printerlar uchun xalqaro standartga aylandi.

1989 yilda Adobe Macintosh`da grafika bilan ishlash uchun Photoshop`ni chiqardi. 1993 yilda esa PDF formati va u bilan ishlash uchun ilovani ishlab chiqdi. Adobe`ning 2018 yildagi sof foydasi 2,59 mlrd dollarni tashkil etdi.

1983 yil – AOL

Amerika mediakorporatsiyasi. Onlayn-xizmatlar, elektron e'lon taxtalari va internet-peyjyer yetkazib beruvchisi. 2000-yillar boshida AQShning eng yirik internet-provayderi bo‘lgan.

1983 yilda Uilyam fon Meyster Control Video Corporation`ga asos solib, Atari 2600 uchun GameLine onlayn-servisini ishlab chiqqan. Bu jarayonda AOL`ning bo‘lg‘usi sohibi Stiv Keys ham konsultant sifatida qatnashgan.

1985 yilda kompaniya inqirozga uchradi. Stiv Keys va CVC`ning shtatdan tashqari xodimi Jim Keysi atrofida hamkasblarini birlashtirib, Quantum Computer Service`ga asos solishdi. Apple bilan hamkorlikda ishlab, onlayn xizmatlar ko‘rsatib kelgan kompaniya 1989 yilda AOL (America Online) deb qayta nomlandi.

1984 yil – Dell

Yirik texnologik korporatsiya va kompyuter ishlab chiqaruvchilardan biri. 2017 yilda Dell shaxsiy kompyuter yetkazib berish bo‘yicha bozorning 16 foizlik ulushiga egalik qilib, Lenovo va HP’dan keyin uchinchi o‘rinni egallagan. Kompyuterlar uchun monitorlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniya.

1984 yilda Maykl Dell tomonidan tashkil etilgan. Faoliyatining ilk yilidayoq 73 million dollardan ortiq foyda olgan.

1985 yil – Blackstone

Muqobil investitsiyalar bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniya. Aktivlarining jami qiymati taxminan 545 mlrd dollarga teng. To‘g‘ridan to‘g‘ri va xususiy investitsiyalar, xedj-fondlar va kreditlashga ixtisoslashgan.

Lehman Brothers bankidagi sobiq hamkasblar – Piter Peterson va Stiven Shvarsman tomonidan asos solingan.

1986 yil – Five Guys

Fastfud restoranlari tarmog‘i. Asosiy urg‘u gamburger, fri va xot-doglarga qaratilgan. 2000-yillarda – AQShdagi eng tez o‘sgan restoranlar tarmog‘i. 2017-2018-yillarda AQShda eng sevimli burgerlar brendi nomini oldi.

Asoschilari – Jyeyn va Jyerri Merell va ularning o‘g‘illari Jim, Mett, Ben va Tayler. Ularning bari hali ham biznesning rivojida ishtirok etishmoqda: Mett va Jimm mamlakat bo‘ylab sayohat qilishadi va qahvaxonalarni tekshirishadi, Chad xodimlarni o‘qitish bilan shug‘ullanadi, Ben franchayzlar bilan hamkorlik qiladi, Tayler esa nonvoyxonani boshqaradi.

1987 yil – Huawei

Tashkil topishi Xitoy xalq ozodlik armiyasi muhandisi Jen Chjenfe nomi bilan bog‘liq. U xitoylik muhandislar bilan xorijiy texnologiyalarni qayta loyihalash bilan shug‘ullangan. Chjenfe chet el texnologiyalarining o‘rnini bosuvchi, dunyo miqyosida raqobatbardosh kompaniyaga asos solishni istardi.

Huawei Gonkongdan import qilinadigan kommutatorlarni qayta sotish, xorijiy kommutatorlarning qayta injiniringi bilan shug‘ullanardi.

1993 yilda shaxsiy telefon kommutatorini ishlab chiqardi. Kichik shahar va qishloqlarda ommalashishni boshlagan Huawei bozor ulushini qo‘lga kiritdi va yirik shaharlarga kirib bordi.

1996 yilda hukumat va harbiylar Huawei`ni milliy texnologik yetakchi sifatida ilgari surishdi va xorijiy kompaniyalar uchun telekom-bozorga kirishni cheklashdi.

1988: SanDisk

Axborot tashuvchilar – xotira kartalari, flesh va SSD-to‘plovchilar ishlab chiquvchisi.

2016 yilda qattiq disklar ishlab chiqaruvchi Western Digital tomonidan 19 mlrd dollarga sotib olingan. 2019 yilning aprelida birlashgan kompaniya flesh-xotiralar ishlab chiqarish xajmi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Firma asoschilari – Eli Xarari, Sanjay Mexrotra va Jyek Yuan. Ular ilk ixcham yig‘uvchilaridan biri – CompactFlash`ni yaratib, raqobatchilari Miniature Card va SmartMedia`dan o‘zib ketgan.

1989 yil – Garmin

Avtomobil, samolyot, kemalar uchun navigatsion qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniya. Aqlli soatlar va elektronika uchun texnologiyalar ishlab chiqish bilan ham shug‘ullanadi

ProNav kompaniyasiga muhandislar Gari Barrell va Min Kao asos solishgan. Keyinchalik firma Garmin deb qayta nomlangan. Ilk mahsulot – qiymati 2500 dollarlik GPS-navigator bo‘lgan. 1991 yil AQSh armiyasi Garmin`ning ilk mijoziga aylangan edi.

1990 yil – Time Warner (Warner Media)

Yangiliklar, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar, kino, televideniye, internet va telekommunikatsiyalarda yirik konglomerat. Unga Time, Warner Bros, CNN, HBO, CW, AT&T va boshqa kompaniyalar kiradi. Daromadi 2018 yilda 33 mlrd dollarni tashkil etgan.

Warner Communications va Time Inc birlashishi natijasida tashkil etilgan.

1991 yil – Vodafone

Britaniyaning telekommunikatsion konglomerati, dunyodagi yirik mobil aloqa operatorlaridan biri. 2018 yilda 313 mln abonent bilan bu borada to‘rtinchi o‘rinni egalladi (birinchi o‘rinda 902 mln abonentga ega China Mobile). 25ta mamlakatlardagi tarmoqlarga egalik qiladi va ularni boshqaradi, yana 47 mamlakatda hamkorlik shartnomalariga ega.

1991 yilda Buyuk Britaniyadagi harbiy radiotexnika ishlab chiqaruvchi yirik Racal Electronics kompaniyasidan Racal Telecom bo‘linmasining ajralib chiqishidan keyin paydo bo‘lgan.

1992 yil – Boston Dynamics

Qadam tashlaydigan robotlarni ishlab chiqish va ishlab chiqaruvchi muhandislik kompaniyasi.

Kompaniyaga muhandis Mark Raybert tomonidan asos solingan. U yuqori harakatdagi robotlashtirilgan mexanizmlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va Massachusets texnologiyalar universitetida hamfikrlar jamoasini topdi.

Kompaniya 2005 yilda ilk ishlanmasi – Amerika armiyasi uchun to‘rt oyoqli Big Dog avtonom robotini namoyish etgan edi.

Boston Dynamics`ning boshqa ishlanmalari orasida odamsimon Atlas roboti va itsimon SpotMini robot bor. Kompaniya ularni 2019-2020 yillarda tijorat ekspluatatsiyasiga tayyorlanmoqda.

Google 2013 yilda bu kompaniyani sotib oldi, biroq 2016 yilda Boston Dynamics yaqin yillarda tijorat jihatidan muvaqqiyatli mahsulot chiqara olmaydi deb hisoblab, uni sotib yubordi.

1993 yil – Nvidia

O‘yin va professional bozor uchun mashhur grafik protsessorlar ishlanmalari bilan shug‘ullanuvchi, mobil qurilma va avtomobillar uchun kristaldagi tizim ishlab chiqaruvchi Amerika texnologik kompaniyasi.

1993 yil aprel oyida mikroprotsessor loyihalashtiruvchisi Jyenseng Xuang, Kris Malaxovski va Kyortis Prem tomonidan tashkil etilgan.

Ular kompyuter sanoatida tez orada grafik chiplarga bo‘lgan qiziqish ortadi, deb hisoblashardi. Videoo‘yinlar ommaviyroq va mashhurroq bo‘ladi, 3D-grafika ustida ishlash esa murakkablashadi deb hisoblaganlari bois grafik protsessorlar ustida ish olib bora boshlashgan edi.

1994 yil – Amazon

Amazon – birinchi onlayn do‘kon ekani, qolaversa «aqlli» uyning bulutli xizmatlari va tizimlarini yetkazib beruvchi, kiyim-kechak dizayneri, reklama maydonchasi, televideniye va kino prodyusseri, kitob nashriyoti va Kindle riderlarini ishlab chiqaruvchi sifatida ham mashhur.

1994 yil 5 iyulda Jyeff Bezos tomonidan asos solingan. Dastlab Cadabra deb atalgan, kitoblar savdosi bilan shug‘ullangan. Keyinchalik assortiment elektron tovarlar (musiqa, video, dasturiy ta'minot), uy uchun buyumlar, o‘yinchoqlar, oziq-ovqat, kiyim-kechakkacha kengaydi. Nomi ham Amazon deb o‘zgartirildi.

1995 yil – eBay

1995 yilda Per Omidyar tomonidan ochilgan. eBay avvaliga Omidyarning shaxsiy saytidagi onlayn-auksion sahifasidan iborat bo‘lgan va AuctionWeb deb nomlangan. 1997 yilda sayt nomi eBay.com deb o‘zgartirildi.

Servis ilk mashhurlikni komissiya yig‘imi yo‘qligi tufayli qo‘lga kiritdi. Boshqa auksionlar esa kelishuvning 30 foiziga yaqinini olishardi.

1996 yil – Alexa Internet

Saytlarga kirish, havolalar va saytlar ommaviyligi reytingi haqida ma'lumot to‘playdigan, tahlillar firmasi.

1996 yilda Bryuster Keyl va Bryus Gilliat tomonidan tashkil etilgan. Ular foydalanuvchining xatti-harakatlarini tushunadigan va muayyan saytlarga kirishni tavsiya qiladigan instrumentlar panelini ishlab chiqishgandi.

Loyihada har bir saytning egasi, sayt yangilangan vaqt, unga tegishli havola va boshqa ma'lumotlar ko‘rsatilgan. Kirilgan saytlar skaner qilingan va arxivlashtirilgan.

Baza Wayback Machine servisida saytlarning internet arxivini yaratish uchun asosga aylandi. 1999 yilda Alexa 250 million dollar evaziga Amazon nazoratiga o‘tdi.

1997 – Netflix

Striming videoservislari asoschisi, film va seriallar ishlab chiqaruvchi kompaniya. 2019 yilning aprel holatiga ko‘ra, Netflix obunachilari 149 milliondan oshadi.

Rid Xastings va Mark Rendolf tomonidan tashkil etilgan. Dastlab Netflix`ning biznes modeli DVD-disklar savdosi va ijarasidan iborat bo‘lgan. Biroq 1998 yilda DVDni pochta orqali ijaraga berish modeliga o‘tdi.

1998 – Google

Bugungi kunning gigant kompaniyalaridan biriga 1998 yilda Larri Peyj va Sergey Brint tomonidan asos solingan.

Google avvaliga aspirantlarning tadqiqot loyihasi edi. O‘sha paytdagi odatiy qidiruv tizimlari natijalarni asosiy so‘zlarning miqdoriga qarab baholar edi, Peyj va Brin algoritmi esa sahifalarning miqdori va muhimligiga ko‘ra saytning dolzarbligini aniqlardi.

1999 yil – Alibaba

Jyek Ma tomonidan Xanchjouda tashkil etilgan. Dastlab u xitoylik tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarning xaridorlar bilan aloqasi hamda Xitoy tovarlarining global bozorga eksportiga yordam uchun maydoncha tashkil etishni rejalashtirgan.

Hozir onlayn savdolar va tushum bo‘yicha Alibaba AQShning barcha riteyllaridan o‘zib ketgan.

2000 yil – Baidu

Xitoyning texnologik kompaniyasi. Internet xizmatlar va sun'iy idrok sohasidagi ishlanmalar ustida ish olib boradi. Bozordagi ulushi 70 foizga teng Xitoydagi yirik qidiruv tizimi Baidu va haydovchisiz avtomobilni yaratish texnologiyasi Apollo – Baidu`ning eng yirik ishlanmalaridan.

Robin Li va Erik Syu tomonidan saytlar dolzarbligi algoritmi asosida tashkil etilgan. Ishlanmani Robin Li tayyorlagan. 1996 yilda Li ishlab chiqqan RankDex qidiruv tizimi saytlar sifatini tahlil qilish uchun giperhavolalardan ilk marotaba foydalangan. Google bunday yechimdan 1998 yildagina foydalana boshladi.

2017 yilda Baidu haydovchisiz avtomobillarni ishlab chiqish uchun Apollo platformasiga asos soldi.

2001 yil – Wikipedia

2001 yilda Jimmi Ueyls va Larri Senger tomonidan ishga tushirilgan. Dastlab Nupedia erkin ensiklopediyasi uchun qo‘shimcha sifatida yaratilgan edi.

«Vikipediya» tez orada ommaviylik bo‘yicha Nupedia’ni ortda qoldirdi va xalqaro notijoriy loyihaga aylandi.

Sony, McDonald’s, Visa va boshqalar. Siz qaysi mashhur brend bilan tengdoshsiz?

Nike, Starbucks, Apple va boshqalar. Siz qaysi mashhur brend bilan tengdoshsiz? (2-qism)

Mavzuga oid