Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
Markazlashgan issiqlik ta’minoti uchun tariflar ikkinchi marotaba 15 foizga qimmatladi. Endilikda aholi 1 Gkal uchun 121 617 so‘m, boshqa ulgurji tashkilotlar esa 244 497 so‘m to‘laydi. Avvalroq xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi bu narxlarni ma’qullagandi.
31 oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik tizimi xizmatlari uchun narxlar 15 foizga oshdi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov qarorini imzoladi.
Qayd etilishicha, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining shu yil 12 sentabrdagi qarori inobatga olingan holda “Veolia Energy Tashkent” MChJ XK tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi narxlar tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, tartibga solinadigan bazaviy narx va budjet tashkilotlari tarifi amaldagi darajasida 664 465 so‘m/Gkal va 801 963 so‘m/Gkal to‘laydi. Mazkur tarif aholi uchun 1 Gkalga 121 617 so‘m, boshqa ulgurji tashkilotlar uchun 244 497 so‘m deb belgilandi.
Ta’kidlanishicha, ushbu narxlar pasaytirilgan bo‘lib, yuzaga keladigan zararlar va investitsion xarajatlarga asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq, Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali qoplab beriladi.
Bunda subsidiya mablag‘lari “ Veolia Energy Tashkent” MChJ XK va Toshkent shahar Davlat-xususiy sheriklik bo‘limi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga ko‘ra o‘zgarmas, o‘zgaruvchan xarajatlar hamda investitsion xarajatlarga bo‘lingan holda moliyalashtirib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt issiqlik ta’minoti uchun narxlar 2024 yilning 2 aprelida ham 15 foizga ko‘tarilgandi.
Ma’lumot uchun, 2025-2027 yillar uchun Budjetnoma loyihasida aholiga pasaytirilgan narxlarda issiqlik yetkazib berishdagi zararni qoplash uchun budjetdan 4,2 trln so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan.
Mavzuga oid
21:58 / 04.11.2024
Sariq va qizil ranglarda tovlanayotgan Toshkent - fotojamlanma
17:42 / 04.11.2024
Xavfsizlik chegarasidan 80 barobar yuqori: Lahor dunyoning havosi eng iflos shaharlaridan biri
08:10 / 04.11.2024
Toshkentda “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi
07:30 / 31.10.2024