Jahon | 17:39 / 07.11.2024
1400
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi

Biroq, mintaqada bu boradagi eng ko‘p muammo O‘zbekiston va Qozog‘istonda saqlanib turgani ta’kidlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi (UNHCR) Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqarmasi ekspertlari so‘nggi o‘n yil ichida ushbu mintaqaning possovet respublikalarida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni yetti baravar kamayganini ma’lum qildi. Bu statistik ma’lumotlar Ashxoboddagi brifingda yangradi, deb xabar berdi TASS.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yilda mintaqada fuqaroligi yo‘q 252,2 ming odam bor edi. Joriy yilning 30 oktyabr holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 34,2 mingtaga tushib qolgan.

Aniqlik kiritilishicha, hozir eng ko‘p hal etilmagan holatlar O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi, bu yerda fuqaroligi bo‘lmagan 22,4 ming shaxs qayd qilingan. Keyingi o‘rinda Qozog‘iston (7,4 ming) va Tojikiston (3,6 ming).

BMT ekspertlarining qo‘shimcha qilishicha, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomi asosiy huquq va xizmatlardan, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ish bilan ta’minlashni qiyinlashtiradi.

Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston va Turkmaniston fuqaroliksizlik muammosini butunlay yo‘q qilgan. BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi hisobotiga ko‘ra, 2019 yilda Qirg‘iziston fuqaroligi yo‘q shaxslar bo‘lmagan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Turkmaniston rasmiylari ham xuddi shunday muvaffaqiyatga erishgan.

Mavzuga oid