Olaf Shols: Germaniya AQShning ishonchli hamkori bo‘lib qolmoqda
Germaniya kansleri Olaf Shols AQShdagi prezidentlik saylovlari munosabati bilan rasmiy bayonot berdi. U Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasida yaqin aloqalarni saqlashga chaqirdi.
Germaniya Donald Tramp boshchiligidagi yangi AQSh ma’muriyati uchun ishonchli transatlantik hamkor bo‘lib qoladi. Bu haqda 6 noyabr, chorshanba kuni Germaniya federal kansleri Olaf Shols AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari haqida jurnalistlar bilan suhbatda aytdi.
«Har ikki tomon ham transatlantik hamkorlikdan foyda ko‘radi, - dedi u. - Yevropa Ittifoqi va AQSh dunyodagi eng yaqin iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan teng darajada yirik ikki iqtisodiy mintaqadir».
Shols Oq uyga yangi prezident kelishi bilan Trampning o‘zi hamisha ochiq aytgan «ko‘p narsalar o‘zgarishini» tan oldi. Hozir Germaniya hukumati uchun «AQShning bo‘lajak ma’muriyati bilan tezkor aloqalarni yo‘lga qo‘yish va pozitsiyalarimizni muvofiqlashtirish muhim», dedi vazirlar mahkamasi rahbari.
Olaf Shols: «Biz birga yanada yaxshiroq bo‘lamiz»
Shols o‘z hukumati Trampning saylovdagi g‘alabasidan keyin uchta siyosiy ustuvorlikka e’tibor qaratishini aytdi. Germaniya o‘zini Qo‘shma Shtatlarga ishonchli transatlantik hamkor sifatida taklif qiladi, Yevropa Ittifoqida hamjihatlikka intiladi va transatlantik munosabatlar har ikki tomon uchun ham foydali ekanini ochiq ko‘rsatadi. «Biz birga yanada yaxshiroq bo‘lamiz», deb ta’kidladi kansler.
Germaniya va Qo‘shma Shtatlarni «o‘nlab yillar davomida rivojlanib kelgan do‘stona hamkorlik bog‘laydi», dedi Shols. U shunday qo‘shimcha qildi: «Biz bir-birimizga qarshi ishlashdan ko‘ra birga bo‘lsak, shunda ko‘proq narsaga erisha olamiz».
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
10:00 / 22.11.2024