Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
Isroillik muxlislar Falastin bayrog‘ini yoqishgan va ko‘chalarda «Yo‘qolsin Falastin!» deya hayqirishgan.
Yevropa Ligasi doirasida Amsterdamning «Ayaks» hamda Tel-Avivning «Makkabi» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda sport nuqtayi nazardan aytarli intriga yo‘q edi. Shunday bo‘ldi ham.
Niderlandiya bosh jamoasi Isroil bosh jamoasini 5:0 hisobida yengdi. Ammo o‘yin atrofidagi voqealar shunchalik jiddiy tus oldiki, u haqda Amerika prezidentigacha munosabat bildirdi.
Quyidagi videoda voqealar rivoji keltiriladi.
Kim boshladi?
Avval nimalar bo‘lgani haqida ikki og‘iz. Tarmoqda yoppasiga niderlandiyalik mahalliy fuqarolar Makkabi bilan Amsterdamga borgan isroillik muxlislarni ushlab urayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Janjal shu qadar kattalashib ketdiki, bir emas ikkita davlatga urushayotgan Isroil mudofaa armiyasi mamlakat fuqarolarini Niderlandiyadan olib kelish uchun maxsus kuchlar va ikkita samolyot yuborishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Niderlandiyada chinakam diplomatik nizo avj oldi.
Bu holatni har kim xohlaganicha talqin qildi. Isroil nashrlari tabiiyki, «Makkabi» muxlislari yahudiy bo‘lgani uchungina ta’qib qilingani haqida xabar berdi. Arab nashrlarida esa isroillik muxlislar Amsterdamda Falastin bayrog‘ini yoqib provokatsiya qilishgani aytiladi.
Bu ikki xil yoritishni ko‘rgan odamlar ham tabiiyki ikkita bo‘lindi. Lekin na u tomondagilar, na bu tomondagilar gap aslida nimada ekanini bilgisi kelmadi.
To‘qnashuvlar tinchiganidan so‘ng niderlandiyalik politsiyachilar voqealar motivi bilan bog‘liq ilk rasmiy versiyalarni bildira boshlashdi. Amsterdam politsiyasi tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘limi rahbari Peter Holl isroillik va mahalliy muxlislar o‘rtasidagi mojaro boshlanishiga sabab bo‘lgan omillarga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, janjal boshlanishiga olib kelgan holatlardan biri - isroillik muxlislar mahalliy uylardan birining balkonida osig‘liq turgan Falastin bayrog‘ini yirtib olib, bu holatni internetga taraqatgani bo‘lgan. Bunday video chindan tarmoqda tarqalgandi. Unda isroillik muxlislar Falastin bayrog‘ini yirtib olib «Yo‘qolsin Falastin!» deb baqirib bayroqni yoqishadi.
Shundan keyin g‘azab otiga mingan mahalliy muxlislar «Makkabi» muxlislarini kaltaklashga tushishadi. Mahalliy taksichilar ham isroilliklarni quvib borishadi. Mehmon muxlislarning ko‘pchiligi qo‘riqchilar tomonidan jiddiy qo‘riqlanadigan kazinoga yashiringan. Niderlandiyalikmi yoki muhojirlarmi, kim ekani noma’lum bo‘lgan bir guruh odamlar isroillik muxlislarni to‘xtatib, ularning pasportini ko‘zdan kechirib Isroil fuqarosi ekaniga ishonch hosil qilgach, kaltaklab, videoga olishgani aks etgan videolar ham tarqaldi. Isroilning bir necha fuqarosining pasporti yo‘qolgan.
Isroildan kelgan muxlislar esa provokatsion harakatlarini to‘xtatishmagan. Ular Amsterdam ko‘chalari bo‘ylab Falastinni ingliz tilida haqoratlab baqirishgan. Bu esa janjal kattalashishiga olib keladi.
«Ayaks» klubi hamda Amsterdam shahri meri Femke Xalsema mahalliy muxlislarning isroilliklarga «ov boshlagani»ni qoraladi. Dunyodagi ko‘plab siyosatchilar, xususan, AQSh prezidenti Jo Bayden ham Amsterdamdagi voqealarni antisemitizm deb baholadi.
Biroq musulmon olami Niderlandiyadagi voqealarda isroillik muxlislarni ayblashdi. Ko‘pchilik musulmonlar Isroil klubi muxlislari Falastin bayrog‘ini tahqirlash orqali katta provakatsiya qilgan deb hisoblamoqda. «Ayaks»ning sobiq futbolchisi, marokashlik Hakim Ziyosh «Ular oldida ayollar va bolalar bo‘lmasa, qochib qolishadi» deb yozdi. Bu bilan Isroil armiyasi G‘azoda minglab ayollar va bolalarni o‘ldirganiga ishora qildi.
Niderlandiya uchun muammo
Yevropa Ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlangan vaqtdayoq Niderlandiya hukumati «Ayaks» «Makkabi» bilan o‘ynashidan hafsalasi pir bo‘lgani tayin. Chunki Amsterdam Yevropaning musulmon muhojirlar eng ko‘p yashaydigan shaharlaridan biri. G‘azoda bir yildan buyon urush davom etayotgan bir vaqtda isroillik muxlislar shaharga kelishi tartibsizlik keltirib chiqarishini taxmin qilish qiyin emas.
Shu bois, shahar politsiyasi «Ayaks»ning bu galgi o‘yiniga odatdagidan kuchliroq tayyorgarlik ko‘rdi. O‘yindan oldin bir guruh niderlandiyaliklar isroillik muxlislar stationga kirib kelayotgan vaqtda G‘azodagi urushni qoralab tinch namoyish o‘tkazish bo‘yicha ariza bergan. Politsiya namoyishga rozilik bergan, lekin xavfsizlik nuqtayi nazaridan uni stadion oldida emas, Anton de Kompleyn maydonida o‘tkazishni so‘ragan.
Mavzuga oid
08:08
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
13:21 / 13.11.2024
Yevropa Ligasining «Makkabi» - «Beshiktosh» uchrashuvi Vengriyaga ko‘chirildi
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
00:11 / 12.11.2024