Jahon | 21:05 / 15.11.2024
2849
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda milliardlab dollarlik bitkoinlarni o‘g‘irlagan rossiyalik haker qamaldi

Rossiya va AQSh fuqaroligiga ega Ilya Lixtenshteyn kriptovaluta tarixidagi eng yirik o‘g‘riliklardan biri orqali qo‘lga kiritgan daromadini yuvish ishi bo‘yicha aybli deb topildi.

Foto: Alexandria Sheriff's Office

Vashington sudi Rossiya va AQSh fuqaroligiga ega Ilya Lixtenshteynni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. U kriptovaluta tarixidagi eng yirik o‘g‘riliklardan biri orqali qo‘lga kiritgan daromadini yuvish ishi bo‘yicha aybli deb topildi.

Sud materiallarida keltirilishicha, 35 yoshli Lixtenshteyn 2016 yilda Binfitex kriptobirjasini buzib kirgan. Ayblov versiyasi ko‘ra, Lixtenshteyn 199 ming 754 bitkoinni o‘zining kriptohamyoniga o‘tkazish uchun 2 mingdan ortiq tranzaksiyani amalga oshirgan. Mazkur voqeaga qadar buncha miqdordagi bitkoinlar qiymati 72 million dollarga baholangan, o‘g‘rilikdan keyin ularning qiymati 65 million dollarga tushgan, 2024 yil 15 noyabr holatiga ko‘ra esa 10,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Lixtenshteyn o‘g‘rilik izini yashirish uchun Binfitex’dagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan. Shundan so‘ng u pul yuvishning turli usullaridan foydalanishni boshlagan va bunga rafiqasi Xizer Morganni ham jalb etgan.

Tergovchilar Ilya Lixtenshteyn va Xizer Morganni 2022 yil fevralda Nyu Yorkda qo‘lga olgan edi, shundan beri ular hibsda saqlanib kelinayotgandi. Oradan bir yarim yil o‘tgach, 2023 yil avgustda Lixtenshteyn va Morgan pul yuvish maqsadida til biriktirganlik bo‘yicha bitta ayblov bandini tan oldi. Sud 18 noyabr kuni Morganga hukm chiqaradi.

Lixtenshteyn sudda «o‘z iqtidorini jinoyat yo‘lida sarflaganidan» pushaymon ekanini bildirdi. Mahkumning so‘zlariga ko‘ra, u ozodlikka erishganidan keyin o‘z tajribasini kiberjinoyatchilikka qarshi kurashga qo‘llash umidida.

Qamoq jazosini tayinlashda Lixtenshteyn hibsda bo‘lgan 2 yil va 9 oy muddat ham inobatga olingan. Lixtenshteyn ozodlikka chiqqach, sud qaroriga ko‘ra, uch yil nazorat ostida bo‘ladi.

Mavzuga oid