18 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Aka-uka Jo‘rayevlarning qanoatlantirilmagan appelyatsiya shikoyati, navbat elektron shaklga o‘tkazilgan Piskentdagi avtopoligon, saylangan senatorlar va parlamentda chiqish qilgan prezident — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Nuriddin Ismoilov yana cpiker
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yangi chaqiriqda parlamentning ilk majlisining muvaqqat kotibiyati, sanoq komissiyasi hamda ovozlarni hisoblash elektron tizimidan foydalanishni nazorat qiluvchi muvaqqat guruh saylab olindi. So‘ngra deputatlar Qonunchilik palatasi birinchi majlisining kun tartibini tasdiqladilar.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, quyi palata a’zolari Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod ko‘rsatish uchun deputatlar orasidan Siyosiy partiyalar vakillari kengashini tuzdilar.
Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan O‘zXDPdan saylangan Nuriddin Ismoilovni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining cpikeri etib sayladi.
Mirziyoyev parlamentda muxolifatni jonlantirishga chorladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5-chaqiriqdagi ilk yalpi majlisida chiqish qilar ekan, Parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak, dedi. Davlat rahbari muxolifatning kafolatlangan huquqlarini ko‘paytirishga chaqirdi.
Buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qildi.
Prezident Qonunchilik palatasiga Hukumat a’zosi hisobotini eshitib, uning yakunlariga ko‘ra, ushbu rahbarni iste’foga chiqarish to‘g‘risida prezidentga taklif kiritish huquqi berilganini eslatdi.
Senatorlar e’lon qilindi
Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan Oliy Majlis Senati a’zolari ro‘yxatini e’lon qildi.
Hujjatga ko‘ra, hududlardan jami 51 nafar senator, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari 3 nafardan senator saylagan. Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, Senat a’zolari 65 nafar bo‘lishi, hududlardan teng miqdorda — 4 nafardan saylanishi kerak. MSK ayrim hududlarda senatorlar soni nega kamligiga izoh bermadi.
Markaziy saylov komissiyasining qayd etishicha, Senat a’zolarining 56,6 foizi 60 yoshdan kattalarni tashkil etdi. Bir nafari — 30 yosh, 41,6 foizi — 40 yoshdan 60 yoshgacha.
Senatorlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ham bor.
Oliy Majlis Senatining birinchi majlisi 19 noyabr kuni chaqiriladi. Qonunchilik palatasining birinchi majlisi 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Piskentdagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
Hammaga ko‘rinib turgan va tanqidlarga sabab bo‘layotgan bu navbatlarni ko‘zdan panadagi bojxona omborlariga ko‘chirishga qaror qilingan. Majburiy to‘lovlarni faqatgina qonunda belgilash haqidagi farmon talabi bajarilmayapti.
Davlat xizmatlari portalida avtomobillarning muvofiqligini baholashga navbat olish xizmati paydo bo‘ldi.
“autodeklarant” kanalining xabar berishicha, xizmatdan foydalanish uchun dastlab singlewindow.uz sayti orqali muvofiqlik sertifikati uchun ariza yuborilgan bo‘lishi kerak.
Shundan keyin my.gov.uz sayti yoki mobil ilovasida elektron xizmat orqali Piskent avtopoligoniga avtotransport vositasini olib borish sanasi va vaqti belgilanadi.
“Tayyorgarlik ko‘rib turish uchun laboratoriyaga belgilangan vaqtdan vaqtliroq kelish lozim. Belgilangan vaqtga 20 daqiqa qolganida operatorga murojaat qilib, my.gov.uz tizimidan olingan QR-kodni taqdim etasiz”, deya yozadi “autodeklarant”.
Telegram'dagi rasmiy manbalar, xususan Adliya vazirligi, Texregulyatsiya agentligi, UzTest, YaIDXP va “Davlat xizmatlari” kanallarida yuqoridagi xizmat ishga tushirilgani haqida xabar berilmadi.
O‘zbekistonda import qilingan avtotransport vositalariga muvofiqlik sertifikati berish uchun sinovlar joriy noyabr oyidan boshlab bojxona hududida emas, Toshkent viloyati Piskent tumanida avtopoligonda o‘tkazila boshlandi.
Shundan so‘ng import avtomobillarni poligonga olib kelganlar uzun navbatlarga ro‘baro‘ keldi, navbat uzoqligidan haydovchilar shu yerda tunab qolishiga ham to‘g‘ri kelmoqda.
Jo‘rayevlar ishi: sud qarori o‘zgarishsiz qoldi
Apellyatsiya sudi aka-uka Jo‘rayevlarning shikoyatini qanoatlantirmadi: birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirdi.
Avvalroq Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi hal qiluv qarori bilan xonanda Botir Qodirov marhum xonanda Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li deb tan olingandi.
Toshkent shahar sudi matbuot kotibining tasdiqlashicha, apellyatsiya sudi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, aka-uka Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlarning shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Avvalroq xonanda Zohirshoh Jo‘rayev esa Kun.uz’ga bergan intervyusida sudning hal qiluv qaroridan norozi ekanini bildirib, dalil va isbotlar yetarli bo‘lmay turib xulosaga kelingani uchun sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilishini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid
19:45 / 15.11.2024
15 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
21:12 / 14.11.2024
14 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
20:58 / 13.11.2024
13 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:01 / 12.11.2024