Jahon | 20:03 / 18.11.2024
2569
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning eng gavjum aeroporti nomi e’lon qilindi

London, Amsterdam va Parij kabi Yevropaning boshqa aeroportlari pandemiya oqibatlariga duch kelgan bir vaqtda ushbu aeroport nafaqat tiklanishga, balki o‘z pozitsiyasini mustahkamlab olishga ham erishdi.

Foto: Getty Images 

Istanbul aeroporti London, Amsterdam va Parijni ortda qoldirib, Yevropadagi eng gavjum havo bandargohiga aylandi.

So‘nggi yillarda Istanbul aeroportida yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada oshgan bo‘lib, bu unga Yevropa aeroportlari orasidagi yetakchiligini saqlab qolishga yordam berdi. Ushbu muvaffaqiyat Turkiyaning Yevropa, Osiyo va Afrika orasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiluvchi geografik joylashuvi, shuningdek, yo‘lovchilariga zamonaviy sharoitlarni taklif qiluvchi yuqori darajadagi servisi bilan izohlanmoqda.

Xitrou (London), Sxipxol (Amsterdam) va Sharl-de-Goll (Parij) kabi Yevropaning boshqa aeroportlari pandemiya oqibatlariga duch kelgan bir vaqtda Istanbul aeroporti nafaqat tiklanishga, balki o‘z pozitsiyasini mustahkamlab olishga ham erishdi.

Uchib ketishlar soni bo‘yicha dunyodagi top-10 aeroportlar qatoriga kiritilishi Istanbulning xalqaro maydondagi ahamiyatini bildiradi. Ushbu ko‘rsatkich, uni Atlanta, Chikago va Dubay kabi yirik aeroportlar bilan bir qatorga qo‘yadi.

Turkiya hukumati, shuningdek, aeroportning jahon aviatsiya sektoridagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun reyslar sonini oshirish va yangi yo‘nalishlar ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Istanbul aeroporti 2018 yildan 2024 yilning oktyabr oxiriga qadar 317,7 milliondan ortiq yo‘lovchini qabul qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Singapur va Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur o‘rtasidagi parvoz yo‘nalishi 2023 yilda dunyodagi eng mashhur yo‘nalishga aylangan edi. O‘tgan yili ushbu yo‘nalish bo‘yicha har ikki tomonga parvoz qilayotgan samolyotlarda mavjud bo‘lgan o‘rindiqlarning umumiy soni 4,9 milliontani tashkil etgan.

Mavzuga oid