Jahon | 08:37
5826
3 daqiqa o‘qiladi

Sibiga: Ukraina qanchalik uzoqroq zarba bersa, urush shunchalik tezroq tugaydi

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilish uchun olgan ruxsati urush jarayonidagi burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. 

Foto: Fatih Aktas/Anadolu/picture alliance

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga fikricha, Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish qobiliyati urushda «burilish nuqtasi» bo‘lishi mumkin. Bu haqda u 18 noyabr, dushanba kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgan qo‘shma brifingda ma’lum qildi.

«Bu burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin», dedi ukrainalik vazir Qo‘shma Shtatlar Kiyev uchun Amerikaning uzoq masofali qurollari bilan Rossiyadagi harbiy obektlarga zarba berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilgani haqidagi xabarlarga izoh taqdim etib. «Ukraina qanchalik uzoqroq zarba bera olsa, urush shunchalik tezroq tugaydi».

Sibiga ta’kidlaganidek, Kiyev har doim «Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish huquqiga ega» ekanligini ta’kidlab keladi. «Bu bizning qonuniy huquqimiz va bu bizning tinch aholimizning hayotini saqlab qoladi», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina tashqi ishlar vazirligi rahbari.

Reuters: Ukraina Rossiya bilan muzokaralarni boshlashga tayyorlanmoqda

Donald Trampning AQSh prezidentligi saylovidagi g‘alabasi fonida Ukraina rahbariyati Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida o‘zining boshlang‘ich pozitsiyasini mustahkamlash uchun qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berish va jang maydonidagi pozitsiyalarini saqlab qolishga intilmoqda, deb xabar berdi Reuters 11 noyabr kuni. Tramp hokimiyatga kelsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini «24 soat ichida» tugatishga va’da berdi.

Kelgusi to‘rt-besh oy urushda hal qiluvchi bo‘ladi, dedi Reuters agentligiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ukrainalik yuqori martabali amaldor. «Bu qish juda muhim vaqt... Umid qilamanki, urush nihoyasiga yetyapti, endi biz muzokaralarda har ikki tomonning pozitsiyasini aniqlaymiz», — deya suhbatdoshidan iqtibos keltiradi agentlik.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev endi Tramp yangi ma’muriyatining Ukrainaga nisbatan qanday siyosat olib borish niyatida ekanligini tushunish uchun asosiy lavozimlarga tayinlovlarni kutmoqda. Reuters suhbatdoshining tan olishicha, AQSh yangi prezidenti lavozimga kirishganidan keyin Kiyevga yordamni qisqartirishi xavfi bor. «Umid qilamanki, Bayden ma’muriyati yordam ko‘rsatishni tezlashtirish orqali bu xavfdan qochishga harakat qiladi», dedi u.

Mavzuga oid