Jahon | 10:46
2367
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi

AQSh Pentagon omborlaridan Kiyevga 275 million dollar miqdoridagi qurol va harbiy texnikani o‘tkazadi, deb xabar berdi Davlat departamenti.

Foto: Global Look Press/Oz Suguitan

Qo‘shma Shtatlar Rossiya agressiyasidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaga 275 million dollarlik qurol va harbiy texnikadan iborat qo‘shimcha yordam paketini taqdim etmoqda. Bu haqda 20 noyabr, chorshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bayonot berdi. Avvalroq AP agentligi manbalarga tayanib, Vashingtonning Kiyevga yana 275 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etish rejalari haqida qo‘shimcha ma’lumot bermasdan yozgan edi.

Aniqlik kiritilishicha, Ukrainaga navbatdagi yordam paketining ajratilishi AQSh prezidenti Jo Bayden 26 sentabr kuni – Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashuvi arafasida e’lon qilgan ushbu mamlakatga yordamni kengaytirish doirasida amalga oshirilmoqda. 

O‘shanda Bayden AQSh Mudofaa vazirligiga Kongress tomonidan ma’qullangan mablag‘lar hisobidan Ukrainaga 5,5 milliard dollar miqdorida yordam yo‘naltirishni buyurdi, shunda uning ma’muriyati prezidentlik muddati tugagunga qadar «Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘lardan to‘liq foydalanishi mumkin».

Shu kuni, 26 sentabrda Oq uy Pentagon Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi doirasida Kiyevga 2,4 milliard dollar ajratishini ma’lum qildi.

Blinken: AQSh Tramp kelishidan oldin Ukrainaga yordamni kuchaytiradi

AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken 13 noyabr kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelguniga qadar Vashington ixtiyoridagi «har bir dollar»ni Kiyevga o‘tkazishga va’da berdi.

Blinken NATO shtab-kvartirasida jurnalistlarga havo hujumidan mudofaa, artilleriya va zirhli mashinalar kabi harbiy yordam vositalarini sanab o‘tib, «Vashington Ukrainaning Rossiya agressiyasidan samarali mudofaasini ta’minlash uchun biz qilayotgan barcha ishlarimizga asoslanishda davom etadi», dedi. Bryusselda u NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda alyans rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi va unda Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi.

Mavzuga oid