Jahon | 13:43
1723
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini yubordi

Kremlning tajovuzini qaytarish uchun Germaniyadan Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi zirhli texnika, artilleriya, dron va boshqa ko‘plab narsalarni o‘z ichiga oladi.

Foto: Gerben van Es/Ministerie van Defensie

Germaniya Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini yubordi. Germaniya hukumati saytida 20 noyabr, chorshanba kuni Berlin tomonidan Kiyevga yetkazib berilgan qurollarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi.

Navbatdagi yordam partiyasiga to‘rtta PzH 2000 rusumli o‘ziyurar gaubitsa va yettita M109 gaubitsasi, 41 000 ta 155 mm artilleriya o‘q-dorilari, 47 ta minaga chidamli zirhli transport vositalari, Caracal desant mashinalari va Kreml agressiyasini qaytarish uchun boshqa qurollar kiritilgan.

Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda

Ukrainaga harbiy yordamni ma’qullagan Germaniya aholisi soni biroz kamaydi. 12 noyabr kuni Germaniyaning Kyorber nomidagi jamg‘arma buyurtmasi bo‘yicha Verian instituti tomonidan e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, hozir nemislarning 57 foizi bunday qo‘llab-quvvatlash tarafdori. Bu o‘tgan yilga nisbatan to‘qqiz foizga kam. Shu bilan birga, respondentlarning 45 foizi Ukrainadagi urushni eng katta geosiyosiy muammo deb biladi.

Respondentlarning qariyb yarmi (47 foizi) Ukraina qo‘shni davlat tomonidan bosib olingan barcha hududlarni qaytarmaguncha kurashni davom ettirishi tarafdori. Shu bilan birga, respondentlarning 43 foizi Kiyev xalqaro tan olingan hududining bir qismi bilan xayrlashishi va shu orqali urushni tugatishga harakat qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Ukrainadagi urush masalasida Germaniyaning g‘arbiy va sharqiy hududlari o‘rtasida sezilarli farq bor. Shunday qilib, sharqda hududlardan voz kechish g‘oyasini 52 foiz, keyingi kurash g‘oyasini esa 38 foiz qo‘llab-quvvatladi. G‘arbda bu masalalarni qo‘llab-quvvatlash mos ravishda 40 va 49 foizni tashkil etdi.

 

Mavzuga oid