Jahon | 19:39 / 21.11.2024
29409
10 daqiqa o‘qiladi

SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘rilik: qatl etilgan amakivachchalar

1977 yilda Yerevandagi bankdan 1,5 million rubl yo‘qoladi. Militsiya o‘g‘rilarni topish uchun ittifoq bo‘ylab oyoqqa turadi. Oxir-oqibat ular topiladi. Lekin pullarni qaytarib olishning iloji bo‘lmaydi.

1977 yil 8 avgust kuni Moskvada SSSR Ichki ishlar vazirligida shoshilinch yig‘ilish o‘tkaziladi. Yig‘ilishda davlat bankining Yerevandagi bo‘limidan bir yarim million rubl o‘g‘irlangani masalasi muhokama qilinadi.

Vazir bu jinoyatni sodir etganlar zudlik bilan ushlanishi lozimligini aytib, tezkor xodimlar, kriminalistlar va jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari zudlik bilan Armanistonga yetib borishini buyuradi.

O‘sha kunning o‘zida Ichki ishlar vazirligi xodimlari Yerevandagi jinoyatni ochish uchun Armanistonga jo‘nashadi. Ko‘p o‘tmay jinoyatchilar topiladi. 

O‘g‘rilik

1977 yil 8 avgust, dushanba kuni davlat bankining Yerevandagi bo‘limi xodimlari bank binosiga kelib noodatiy holat guvohi bo‘lishadi.

Ular binoning birinchi qavatida joylashgan pullar saqlanayotgan bo‘limini ochishganda oyoq ostida bolalar soyabonini va odam sig‘adigan teshikni ko‘rishadi.

Darhol g‘aznadagi pullar tekshirib ko‘riladi. Shunda bir yarim million rubl joyida yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Bu summa o‘sha paytda taqriban 2 mln dollarga teng edi.

Darhol hodisa joyiga militsiya chaqiriladi. Militsiya o‘z navbatida jinoyat haqida Moskvaga, Ichki ishlar vazirligiga xabar yuboradi. Axir, yo‘qolgan summa kam emasdi.

Moskvada hodisani ichki ishlar vaziri o‘z nazoratiga oladi va jinoyatni ochish uchun Yerevanga tajribali mutaxassislar yuboriladi.

Dastlabki surishtiruvda bank binosidagi deraza va eshiklarga panjara o‘rnatilmagani, sal avval u yerda ta’mirlash ishlari o‘tkazilgani uchun signalizatsiya ham o‘chirib qo‘yilgani oydinlashadi.

Yerevandagi bank binosi 1970-yillar

Demak, jinoyatchilar signalizatsiya o‘chirib qo‘yilganini bilishgan. Biroq, ularga bu haqda kim xabar bergan. Balki bank xodimlari orasida jinoyatchilarning sherigi ham bo‘lishi mumkin.

Biroq surishtiruvlar davomida jinoyatchilar binoga deraza orqali kirgani aniqlanadi. Jinoyat sodir bo‘lgan joydan lom va mineral suvdan bo‘shagan idish topiladi.

Tekshirib ko‘rilganda ularda barmoq izlari qolmagani aniqlanadi. Aftidan, jinoyatchilar ularni qo‘lqop yordamida ushlagan yoki artib, tozalab qo‘ygan.

Yerevandagi bankdan bir yarim million o‘g‘irlangani tez orada shaharga ovoza bo‘ladi. Shundan so‘ng aksariyat o‘g‘rilar militsiyaga kelib jinoyatga aloqalari yo‘qligini aytishadi.

Militsiya o‘g‘rilarning har birini sinchiklab tekshiradi, biroq ularning jinoyatga aloqadorligi haqida dalil topa olmaydi.

O‘g‘rilar bank g‘aznasiga kirganda u yerda katta-kichik turli kupyuralar bo‘lgan. Jinoyatchilar faqat 100 rubllik yangi kupyuralarni olishgan.

Buni ular pullarni ko‘tarib ketish oson bo‘lishi uchun qilishganmi yoki yangi kupyuralarning tovlanishiga uchishganmi, noma’lum. Lekin jinoyatchilar yangi kupyuralarni olib xatoga yo‘l qo‘yishgandi. Chunki yangi pullarning seriya raqamlari bank xodimlariga ma’lum edi.

Militsiya jinoyatchilar o‘g‘irlangan pullarni baribir ishlatadi, degan xulosaga keladi. Shu sababli mamlakatning barcha hududlaridagi militsiya bo‘limlariga, savdo do‘konlariga o‘g‘irlangan pullarning seriya raqamlari ma’lum qilinadi. 

Pullar izidan

1977 yil yozda Moskvadagi restoranlardan biri bankka qidiruvda bo‘lgan kupyuralardan bir nechtasini topshiradi. Militsiya xodimlari darhol restoranga yetib boradi.

Barcha ofitsiantlar so‘roq qilinadi. Shunda ulardan biri pullarni qorachadan kelgan ikki yigit berganini, ular kavkazlik yoki o‘rta osiyoliklarga o‘xshab ketishini aytadi.

Ko‘p o‘tmay militsiyaga Toshkentdan xabar tushadi. Bu safar o‘g‘irlangan pullarga yutuqli davlat qimmatbaho qog‘ozi (zayom) sotib olingandi.

Foto: blognews.am

Avvaliga militsiyadagilar hayron qolishadi. O‘g‘rilarga qimmatbaho qog‘ozlar nega kerak bo‘ldi ekan? Qo‘lida juda ko‘p miqdorda pullar bo‘lgan odamlar qimmatbaho qog‘ozning yutug‘iga qarab qolmagandir?!

Militsiyaning taxminiga ko‘ra, jinoyatchilar o‘zlarini qidirishayotganini yaxshi bilishgan va nima qilib bo‘lsa-da o‘g‘irlangan pullarning izini yo‘qotishga urinishgan.

Shundan so‘ng mamlakatdagi barcha banklarga ko‘p miqdorda zayom sotmaslik buyuriladi. Mabodo kimdir katta pulga zayom olmoqchi bo‘lsa bu haqda darhol militsiyaga xabar berish talabi qo‘yiladi.

1977 yil iyun oyida Moskvadagi bank bo‘limlardan biriga o‘rta yoshlardagi bir yigit keladi va uch ming rublga zayom sotib olmoqchi ekanini aytadi.

Kassir qiz undan pullarni olib sanaydi va so‘ng zayom olib chiqish uchun ichkariga kirib ketadi. Qiz kechikavergani yigitni shubhaga soladi. U kassir qiz militsiyaga xabar beryapti, deb o‘ylaydi va pullarni tashlab qochib ketadi.

Bankdagilar holat bo‘yicha militsiyaga xabar berishadi. Tekshirib ko‘rilganda 100 rubllik kupyuralar Yerevandan o‘g‘irlangan pullar bo‘lib chiqadi.

Guvohlar so‘roq qilinganda ulardan biri yigit bankdan qochib chiqib taksiga o‘tirib ketganini, faqat yo‘lovchi sifatida emas, haydovchi o‘rniga o‘tirganini aytadi.

Shundan so‘ng Moskvadagi taksoparklar tekshirilib, bankka taksi minib borgan yigit topiladi. U Vladimir Kuznetsov degan yigit bo‘lib chiqadi. Bankdagi kassir qiz uni ko‘rgan zahoti taniydi.

Foto: so-l.ru

Taksichini militsiya bo‘limiga olib borib so‘roq qilishganda u ikki arman millatiga mansub yigitlarga xizmat qilishini va ular buning evaziga yaxshigina haq to‘lashlarini aytadi.

Yigitlarning ism-sharifi so‘ralganda u aka-uka Nikolay va Feliks Kalachyanni tilga oladi. So‘roq davomida taksichi «agar men yordam bermaganimda amakivachchalar hech narsa qila olishmasdi», deb maqtanib ham qo‘yadi.

Militsiya amakivachchalarga qidiruv e’lon qiladi va ular Toshkentda qo‘lga olinadi. Ularning yana bir sherigi Zaver Bagdasaryanni esa Yerevanda ushlashadi.

Dastlabki tergovda Zaver Bagdasaryan komsomol faoli ekani va u bank sohasida ishlashi oydinlashadi. Amakivachchalarga Yerevandagi bankda pullarning qayerda saqlanishi va ta’mirlash ishlari tufayli hammayoq ochiq ekanini ma’lum haq evaziga u aytgandi.

Amakivachchalar pullarni o‘g‘irlagandan so‘ng Zaver Bagdasaryan ulardan o‘z ulushini oladi va Yerevanda qoladi. Nikolay va Feliks mamlakat bo‘ylab «gastrol»ga chiqib ketadi.

Taksichi Vladimir Kuznetsov amakivachchalarga Moskvada duch keladi va mo‘may pul evaziga ularga xizmat qilishga hamda pullarni zayomga almashtirib berishga rozi bo‘ladi.

Dastlabki tergovda barcha aybni Feliks o‘z gardaniga oladi. Bankni bir o‘zi o‘marganini va og‘irligi 30 kilodan oshiq bo‘lgan pullarni bir o‘zi olib chiqib ketganini, amakivachchasiga keyin xabar berganini aytadi.

Tergovchilarni bir holat hayron qoldiradi. G‘aznaga kirish uchun bank binosida ikkinchi qavatdan birinchi qavatga tushish uchun bor-yo‘g‘i 34 santimetr joy teshilgan. Feliks undan qanday sig‘gan?

Foto: tvnet.lv

Tergov davomida Feliks yoshligida gimnastika bilan shug‘ullanganini va tanasi hamda suyaklarini cho‘ziluvchan qila olishini aytadi.

Feliks bankdan pullarni olib chiqqandan so‘ng ularni uyga olib ketish uchun oddiy xo‘jalikda ishlatiladigan zambilg‘altakdan foydalanadi.

Yo‘lda unga tunda patrullik qilib yurgan militsiya xodimi duch keladi. Militsionerning «yarim tunda nima olib ketyapsan?» degan savoliga yigit «chiqindilar» deb javob beradi. Shu tariqa Feliks xodimda shubha uyg‘otmasdan uning yonidan osongina o‘tib ketadi.

Tergovchining bank binosi tomiga qanday chiqding, degan savoliga u «qo‘shni binodan sakrab o‘tdim», deydi. Qo‘shni bino bilan bank binosi orasi 4 metr bo‘lgan.

Militsiya xodimlari Feliksning gaplariga ishonishmaydi va uni Yerevandagi bank binosiga olib borishadi. So‘ng bankka kirish jarayonini takrorlab ko‘rsatishni so‘rashadi. Yigit to‘rt metrga sakraydi va 34 santimetrli teshikdan o‘tadi.

Tergov bir yarim yildan oshiqroq davom etadi va 1979 yilda sud bo‘lib o‘tadi. Bu ishda eng ajablanarli holat shundaki, militsiya amakivachchalarni ushlaganda ularning yonidan ozroq pul chiqadi.

Foto: modern.az

Tergov davomida ming so‘rashmasin, qiynashmasin, Feliks va Nikolay pullarning qolgani qayerda ekanini zinhor aytmaydi.

Amakivachchalar tergovchilarga 100 ming rublga zayom olganini, qolgan pullarni restoranlarda sarflab yuborganini aytadi. Qisqasi, Feliks va Nikolay 1,5 million rubldan oshiq pullarni qayerga yashirganini aytmaydi.

Sud Nikolay va Feliks Kalachyanlarni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Zaver Bagdasaryan va taksi haydovchisi Nikolay turli muddatlarga qamaladi.

Kalachyanlar sodir etgan o‘g‘rilik, SSSR tarixidagi eng yirik o‘g‘riliklardan biri hisoblanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid