Jahon | 07:50
6637
3 daqiqa o‘qiladi

BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda

BMT Moskva va Kiyevni keskinlikni pasaytirishga chaqirmoqda. Rossiyaning Dniproga ballistik raketa zarbasidan so‘ng Volodimir Zelenskiy Moskvani urushni avj oldirish yo‘lida bir yil ichida ikkinchi qadam qo‘yganlikda aybladi va «Rossiya tinchlikni albatta istamasligini» aytdi.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga zarba berish uchun o‘rta masofaga mo‘ljallangan yangi ballistik raketadan foydalanishi BMT tomonidan «xavotirli voqealar rivoji» deb baholanmoqda. 21 noyabr, payshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antonio Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik: «Bu yana bir tashvishli va xavotirli voqea», dedi.

Shu bilan birga, Dyujarrik mojaroning har ikki tomonini vaziyat keskinligini pasaytirish, urushni xalqaro qonunlarga muvofiq tugatish va tinch aholi himoyasini ta’minlashga chaqirdi — «fuqaro nishonlari yoki muhim fuqarolik infratuzilmasiga zarba bermaslik» lozimligi ta’kidlandi.

Zelenskiy Rossiyani eskalatsiyada aybladi

21 noyabr kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Telegramʼda tarqatgan bayonotida Rossiyani mojaroni kuchaytirayotganlikda ayblab, buni bir yil ichida ikkinchi holat deb atadi. «Bugun Putin bu yilgi urushni kuchaytirish, kengaytirish tomon ikkinchi qadam qo‘yganini tan oldi. Yangi ballistik raketa qo‘llandi. Putin bizning Dnipro shahrimizga zarba berdi — u Ukrainaning eng yirik shaharlaridan biri. Bu ochiq va aniq. Bu urushning miqyosi va shafqatsizligining jiddiy o‘sishi, Rossiyaning BMT Nizomini buzishi va men ta’kidlaymanki, bu Rossiyaning bir yil ichida eskalatsiyaga qaratilgan ikkinchi qadamidir. Birinchisi kontingenti kamida 11 ming askardan iborat Shimoliy Koreyani jalb qilish bo‘ldi», deb yozdi Ukraina rahbari.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga ballistik raketa hujumi «Rossiya tinchlikni istamasligining isbotidir». «Va Putin Ukrainaning uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarni qo‘llagani bizning yangi qadamimizga sabab bo‘ldi, deb yolg‘on gapirmoqda. O‘zimizni himoya qilish huquqimiz boshqa xalqlar bilan bir xil», — dedi Ukraina rahbari.

Prezidentning ta’kidlashicha, Rossiya zarbasiga «dunyoning kuchli reaksiyasi» yo‘q, biroq dunyo «bu narsaga munosabat bildirishi kerak». «Biz Rossiyani haqiqiy tinchlikka majburlashimiz kerak, aks holda, Rossiyaning zarbalari, tahdidlari va beqarorlashtiruvchi harakatlari nafaqat Ukrainaga qarshi bo‘ladi», — deya ogohlantirdi Volodimir Zelenskiy.

Mavzuga oid