Parij: Ukraina Rossiya hududiga SCALP raketalari bilan zarba yo‘llashi mumkin
Fransiyaning uzoq masofaga uchuvchi raketalari Ukraina tomonidan Rossiya hududidagi nishonlarga “o‘zini himoya qilish mantig‘i” asosida qo‘llanishi mumkin, dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro.
“Prinsip belgilandi. Bizning [Ukraina prezidenti Volodimir] Zelenskiyga yo‘llagan xabarlarimiz yaxshi qabul qilindi”, dedi Barro BBC'ga bergan intervyusida.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga berilgan fransuz raketalari bilan Rossiya hududiga zarba berish ruxsatini berishga tayyorligi haqida shu yil boshidayoq aytgan. Barroning yuqoridagi bayonoti esa Ukraina kuchlari AQSh va Britaniyaning uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududiga ilk marta zarba yo‘llaganidan bir necha kun o‘tib aytildi.
Fransiya Ukrainaga 250 kilometr masofagacha zarba yo‘llovchi SCALP raketa tizimlarini yetkazib bergan.
Jan-Noel Barro bir necha kun oldin Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan muzokara o‘tkazgan edi. Uning fikricha, G‘arbdagi ittifoqchilar Ukrainaga qo‘llab-quvvatlov hajmini cheklamasligi kerak. Bu masalada “qizil chiziqlar” qo‘ymaslik zarur, deydi u.
BBC muxbirining harbiy harakatlarga Fransiya harbiylari ham jalb etilishi ehtimoli haqidagi savoliga, Barro: “Biz hech qaysi variantni inkor qilmayapmiz”, deya javob berdi.
“Ukrainani qancha kerak bo‘lsa shuncha intensiv va uzoq qo‘llab-quvvatlaymiz. Nima uchun? Chunki xaritaga bizning xavfsizligimiz qo‘yilgan. Rossiya armiyasi har safar bir kvadrat kilometrga siljiganida, Yevropaga xavf ham bir kvadrat kilometrga yaqinlashadi”, dedi u.
Fransiya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, uning mamlakati Ukrainani NATOga taklif qilishga tayyor.
“Biz taklif yuborishga tayyormiz. Do‘stlarimiz va ittifoqchilarimiz, shuningdek, Ukrainaning do‘stlari va ittifoqchilari bilan muhokamalarimizda ularni o‘z pozitsiyamizga yaqinlashtirish ustida ishlayapmiz”, dedi Jan-Noel Barro.
Mavzuga oid
19:21
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:35 / 23.11.2024