O‘zbekiston | 13:40
1502
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi

Qirg‘iziston prezidenti imzolagan qonun bilan, 2025 yil 1 iyuldan boshlab mamlakatda elektron sigaretlardan foydalanish, ularni mamlakat hududiga olib kirish va elektron sigaretalar savdosi taqiqlanadi. Avvalroq shunga o‘xshash qonun loyihasi O‘zbekistonda ham ishlab chiqilgan edi.

Foto: AP

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov aholi salomatligini tarkibida nikotinli suyuqlik bo‘lgan elektron sigaretalardan himoya qilishga oid qonunni imzoladi.

Qonun 2025 yil 1 iyuldan kuchga kiradi va shu sanadan boshlab Qirg‘izistonga elektron sigaretlarni olib kirish, ulardan foydalanish va elektron sigaretalar savdosi taqiqlanadi.

Elektron sigaretlaradan foydalanish va ularni sotishni taqiqlovchi talablarni buzganlik uchun javobgarlik ham belgilanadi.

Jumladan, elektron sigaretalardan foydalanganlik uchun jismoniy shaxslarga 10 ming som (taxminan 1,5 mln so‘m), yuridik shaxslarga 60 ming som (taxminan 8,9 mln so‘m) ma’muriy jarima tayinlanadi. Elektron sigaretalarni sotganlik uchun esa jismoniy shaxslar 20 ming som (taxminan 2,96 mln so‘m), yuridik shaxslar esa 65 ming som (taxminan 9,6 mln so‘m) jarimaga tortiladi.

Qonunga binoan, Qirg‘iz Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham o‘zgartishlar kiritiladi. Unga ko‘ra, elektron sigaretalarni noqonuniy ravishda oz bo‘lmagan miqdorda olib kirganlik uchun 2 oydan 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 120 ming som (taxminan 17,8 mln so‘m) jarima yoxud muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish huquqidan 1 yilgacha mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Xuddi shu qilmish katta yoki o‘ta katta miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, 150–200 ming som (taqriban 22,2 mln – 29,6 mln so‘m) jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va ma’lum faoliyat turi bilan shug‘ullanish huquqidan 2 yilgacha mahrum qilish jazosi beriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprelida O‘zbekistonda ham elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlash haqida qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi.

Avvalroq Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova maktab o‘quvchilari orasida sintetik narkotik iste’mol qilish ko‘payayotganini aytgandi.

Mavzuga oid