Jahon | 17:27
3373
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston pasporti Markaziy Osiyoda eng kuchli deb topildi

«Kuchli pasport» o‘z egalariga chet elda sayohat qilish, biznes va ta’lim olish bo‘yicha ko‘proq imkoniyatlarni ochib beradi.

Foto: gov.kz

VisaGuide Passport Index 2024 reytingida Qozog‘iston 106-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyodagi eng kuchli pasportga ega davlatga aylandi. Mintaqadagi davlatlar orasida Qozog‘iston pasporti O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni ortda qoldirib, o‘z egalari uchun eng katta sayohat erkinligini ta’minlaydi.

Qozog‘iston pasporti Destination Significance Score (DSS) bo‘yicha 36,66 ball to‘pladi, bu vizasiz kirish imkoniyati, yetib borganda beriladigan viza, elektron viza va global mobillikning boshqa jihatlarini hisobga oladigan ball tizimidir. Qozog‘iston fuqarolari, reytingga ko‘ra, 47 davlatga vizasiz borishi mumkin, 30 davlat oldindan elektron vizani talab qiladi, yana shuncha davlat yetib borganda viza beradi.

O‘zbekiston pasporti 27,62 ball bilan 125-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston fuqarolari 32 davlatga vizasiz borishi mumkin, 27 davlat oldindan elektron vizani talab qiladi, 33 davlat yetib borganda viza beradi.

Shuningdek, Qirg‘iziston – 134-o‘rin (23,33 ball), Tojikiston – 141-o‘rin (21,76 ball), Turkmaniston – 161-o‘rinda (17,55 ball) qayd etildi.

Jahon reytingida Singapur yetakchilik qilmoqda. Bu davlat pasporti 2024 yilda rekord 91,27 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Singapur fuqarolari 160 ta davlatga vizasiz sayohat qilishi mumkin. Birinchi beshlikka Ispaniya, Italiya, Fransiya va Vengriya ham kirdi.

Dunyodagi eng zaif pasport, reytingga ko‘ra, Somali fuqarolariga tegishli. Uning past darajasi vizasiz sayohat qilish mumkin bo‘lgan mamlakatlar sonining cheklanganligi, shuningdek, xalqaro sayohatlarga jiddiy cheklovlar qo‘yilgani bilan bog‘liq.

«Kuchli pasport» o‘z egalariga chet elda sayohat qilish, biznes va ta’lim olish bo‘yicha ko‘proq imkoniyatlarni ochib beradi.

Mavzuga oid