YeP Ukrainaga yordamni va RFga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi
Yevroparlament Ukrainaga harbiy, gumanitar va moliyaviy yordamni kuchaytirish va tezlashtirish, Rossiya, Shimoliy Koreya, Belarus va Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. U, shuningdek, Sholsning Putinga qo‘ng‘iroq qilganidan afsusda ekanini bildirdi.
Yevroparlament 28 noyabr, payshanba kuni Ukraina bo‘yicha keng ko‘lamli rezolyutsiyani qabul qildi, unda u «Ukraina g‘alabasigacha» Kiyevga siyosiy, harbiy, gumanitar, iqtisodiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni kuchaytirish va tezlashtirishga chaqiradi. Hujjatni 390 kishi yoqlab chiqdi, 135 nafari qarshi bo‘ldi va 52 nafari betaraf ekanini bildirdi.
Yevroparlament o‘z rezolyutsiyasida, xususan, Yevropa Ittifoqi va uning davlatlaridan Ukrainani samolyotlar, uzoq masofali raketalar, shu jumladan TAURUS, zamonaviy havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlashni, shuningdek, talablarni qondirish uchun va’da qilingan texnika yetkazib berishni tezlashtirishni so‘ragan.
Yevroparlament deputatlari barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari va NATO ittifoqchilari birgalikda va yakka tartibda Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash majburiyatini olishlari, har yili yalpi ichki mahsulotining kamida 0,25 foizini shu maqsadda sarflashlari kerakligini ta’kidladilar.
Yevroparlament Yevropa komissiyasidan Ukraina iqtisodiyotini qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatish va sarmoyaviy imkoniyatlarni rag‘batlantirish orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni ishlab chiqishni so‘raydi. Yevroparlament deputatlari, shuningdek, Rossiyaning fuqarolik infratuzilmasiga, xususan, energetikaga muntazam hujumlari natijasida millionlab ukrainaliklar asosiy xizmatlarsiz qolishiga javoban YeIning gumanitar yordamini sezilarli darajada oshirish zarur, deb hisoblaydi.
Fon der Lyayyen mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy agressiyasini hisobga olib, mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. Rossiya yalpi ichki mahsulotining 9 foizini harbiy ehtiyojlar uchun, YeI esa bor-yo‘g‘i 1,9 foizini sarflaydi, dedi u 27 noyabr kuni Strasburgdagi Yevroparlament oldida YeI rahbari sifatida kelgusi besh yilda o‘zining ustuvor vazifalari yuzasidan so‘zlagan nutqida.
«Ushbu «tenglama»da nomuvofiqliklar bor, bizning mudofaa xarajatlarimiz oshishi kerak», dedi u. Fon der Lyayyen fikricha, buning uchun mudofaa sanoatini kuchaytirish va Yevropa xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kerak.
Mavzuga oid
14:11
Ukrainada RF harbiylarining asirlarni otib tashlashi tergov qilinmoqda
21:07 / 28.11.2024
Putin Ostonadagi chiqishida Zelenskiy ofisiga zarba berilishi mumkinligiga ishora qildi
18:30 / 28.11.2024
Tramp Ukraina bo‘yicha maxsus vakilini tanladi. U urushni qanday tugatishni taklif qiladi?
17:49 / 28.11.2024