3 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
BAAga kirishdagi muammolar muhokamasi, Magnitskiy sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbekistonlik pedofil amaldorlar, Buxoroning tarixiy qismida velosipedlar uchun cheklovlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
BAAga kirishdagi muammolar hal etiladi
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev 2 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining elchisi Said Matar al-Qamziy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida BAAga kirishda o‘zbekistonlik fuqarolar duch kelayotgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq holat yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar muammoni qisqa vaqtda hal qilish uchun tegishli choralarni ko‘rishga kelishib oldi.
30 noyabr kuni Toshkent–Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha Wizz Air reysida uchgan 31 o‘zbekistonlik amirliklarga kiritilmagan edi.
O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi vaziyat nazoratga olinganini va aeroport ma’muriyati bilan muloqotda bo‘lib turganini ma’lum qildi. Yo‘lovchilarning bir qismi allaqachon O‘zbekistonga qaytarilgan bo‘lsa, qolganlari uchun Wizz Air tegishli choralarni ko‘rayotgani ma’lum qilingan edi.
Bu holat BAAda uch o‘zbekistonlik yahudiy rohibning o‘limi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
AQSh pedofil amaldorlarga sanksiya joriy qildi
AQSh Moliya vazirligi 2 dekabr Xalqaro qullikka barham berish kunida uch o‘zbekistonlikni Magnitskiy ro‘yxatiga qo‘shdi. Ushbu shaxslar inson huquqlarini jiddiy ravishda buzganlikda ayblandi.
Sanksiyaga tushganlar Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov va mehribonlik uyi sobiq mudirasi Yulduz Xudoyberganovadir. Ular mehribonlik uyidagi yetim bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, kaltaklash va qullikka majburlash kabi jinoyatlarda ishtirok etgan.
Yulduz Xudoyberganova yosh qizlarni turli zo‘ravonliklar orqali pul evaziga jinsiy aloqaga majburlagan, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipov esa ushbu qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan. Ular yetkazgan zararlar sababli AQSh viza cheklovlari joriy etish va mulkiy manfaatlarni muzlatish kabi jazo choralarini qo‘llamoqda.
Endi ushbu shaxslar va ularga aloqador kompaniyalar moliyaviy operatsiyalardan butunlay mahrum qilinadi.
Buxoroda harakat cheklovlari joriy etilmoqda
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl, skuter va mopedlar harakati cheklandi. Hududda maxsus taqiqlovchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda. Cheklov tarixiy merosni muhofaza qilish va sayyohlar hamda mahalliy aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
YHXB ma’lumotiga ko‘ra, bunday transport vositalari tarixiy binolarga zarar yetkazishi va yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin. Endilikda ushbu taqiqni buzganlar 125 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.
Shuningdek, tarixiy hududda kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalari, moped va velosipedlarni boshqarish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bu tashabbus sayyohlarning harakatlanishiga ta’sir etmasdan, tarixiy hududlar muhofazasiga xizmat qiladi.
O‘zbek ayoli dunyo ro‘yxatida
BBC o‘zbekistonlik tadbirkor Dilorom Yo‘ldoshevani «Dunyo bo‘ylab ilhomlantiruvchi va nufuzli 100 ayol» ro‘yxatiga kiritdi. Britaniya nashri ilk bor 2024 yil uchun e’lon qilgan ushbu ro‘yxatga imkoniyati cheklangan o‘zbek ayoli kirdi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidan bo‘lgan Dilorom Yo‘ldosheva 2 yil oldin o‘rim-yig‘im paytida ikki oyog‘idan ayrilgan. Fojiadan keyin u yangi hayotni boshlab, tikuvchilik biznesini ochdi. Maqsadi — yosh ayollarga iqtisodiy ko‘mak berish. U tadbirkorlik asoslarini o‘rganib, 40 dan ortiq shogird tayyorladi. Kompaniyasi qisqa muddatda o‘sib, bepul ustaxonalar ochish bilan birga, ishchilar va o‘quvchilar uchun kiyim ishlab chiqarish shartnomalarini tuzdi.
Bu biznes nafaqat uning, balki boshqa ayollarning ham daromad manbaiga aylandi. U haqida «Matonat» hujjatli filmi suratga olingan. Ushbu filmda uning fojiadan keyingi matonatli hayoti ko‘rsatilgan.
Irrigatsiya tizimlari rekonstruksiya qilinadi
Prezident qaroriga ko‘ra, Buxoro, Namangan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari Xitoy Xalq Respublikasining Eksimbanki ishtirokida amalga oshiriladi. Bu tashabbus sug‘oriladigan yerlar suv ta’minotini yaxshilash va suvdan tejamli foydalanishni maqsad qilgan.
Rejalashtirilgan loyihalarning umumiy qiymati 220 mln dollarni tashkil qiladi: Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlari uchun loyihalar qiymati — 160 mln dollar; Qashqadaryo viloyati uchun loyiha qiymati — 60 mln dollar.
2025 yildan boshlab bajarilgan ishlarga mos ravishda qarz shartnomalari qismlarga bo‘lib imzolanadi. Qashqadaryo loyihasi uchun avvaldan to‘lov sifatida 120 milliard so‘m mahalliy budjet mablag‘laridan ajratiladi. Loyihalar texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanganidan so‘ng, davlat budjeti parametrlariga o‘zgartishlar kiritiladi.
Mavzuga oid
21:26 / 04.12.2024
4 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:15 / 02.12.2024
2 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:29 / 29.11.2024
29 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:12 / 28.11.2024