O‘zbekiston | 16:06 / 03.12.2024
2552
3 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla yettiligiga» ijtimoiy profilaktika bilan shug‘ullanish yuklatildi

Huquqbuzarlik sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatiladi.

Hukumatning «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish (ijtimoiy-profilaktika tadbirlari) bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari bilan elektron axborot almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy-profilaktika tadbirlari «mahalla yettiligi» — mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim va soliq inspektori tomonidan amalga oshiriladi.

Ularga bu borada mehnat organi xodimi, tibbiyot xodimi, maktab direktori, psixologi, inspektor-psixolog, shuningdek, ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriluvchi sub’yektlarning murojaatiga asosan tuman (shahar) darajasidagi tegishli davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ko‘maklashadi.

Ijtimoiy-profilaktika tadbirlari quyidagi shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi:

- huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo‘lgan shaxslar:

- band bo‘lmagan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz shaxslar;

- spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarga qaram bo‘lib qolgan shaxslar;

- qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga ruju qo‘ygan shaxslar

- g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar;

- qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar;

- ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari;

- ajralish yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalar;

- yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar;

- muntazam tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan ayollar;

- tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan shaxslar.

Shu bilan birga, huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli mumkin bo‘lgan shaxslar, ya’ni parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan va og‘ir kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan ham ijtimoiy-profilaktika tadbirlari amalga oshiriladi.

Mavzuga oid