O‘zbekiston | 12:51 / 04.12.2024
849
2 daqiqa o‘qiladi

«Yashil olam» va «Yashil to‘lov» platformalari ishga tushirilmoqda

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.

2025 yil 1 martdan jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriya ajratmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha «Yashil olam» va «Yashil to‘lov» platformalari joriy etiladi.

Hujjat bilan Ekologiya vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom va uning boshqaruv kengashi tarkibi tasdiqlandi.

Xayriyalar Ekologiya vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasining maxsus hisobraqamiga yo‘naltiriladi va daraxt hamda butalarni ekishni tashkil etish uchun foydalaniladi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:

  • daraxt va butalar ekish uchun ajratilgan yer uchastkalarini tayyorlash;
  • daraxt va butalar ekish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
  • daraxt va butalar ekilgan uchastkalarda sug‘orish tizimlarini o‘rnatish;
  • daraxt, buta va qalamchalarni xarid qilish;
  •  hududni obodonlashtirish, dendrariylar, «yashil bog‘lar», «yashil jamoat bog‘lari», «yashil qalqon» va «yashil kamar» barpo etish ishlari;
  • ekilgan ko‘chatlarni uch yil davomida saqlash ishlari;
  • yirik o‘lchamli daraxt va butalarni yetishtirish hamda yetkazib berish.

Yashil xayriya jamg‘armasiga kelib tushadigan mablag‘lar jamiyat oldida shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida foydalaniladi.

2025 yil 1 iyunga qadar Milliy yashil farovonlik fondining elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi va Davlat o‘rmon fondiga kiruvchi daraxt va butalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan o‘simlik dunyosi obektlarining davlat kadastri yuritiladi.