Jahon | 13:15 / 04.12.2024
2315
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborish mumkin deb hisoblayapti

DW manbalariga ko‘ra, bir qator Yevropa davlatlari, agar kelishuvga erishilsa, o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash uchun Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborish variantini ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Oleg Petrasiuk/Ukrainian Army via AP

Agar Kiyev va Moskva o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha biron-bir kelishuv tuzilsa, Yevropa davlatlari Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborishi mumkin. Bu haqda DW nashriga anonimlik sharti bilan ikki manba NATO tashqi ishlar vazirlarining 3-4 dekabr kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi kontekstida ma’lum qildi va ikkala holatda ham gap potensial kuzatuv missiyasi haqida ketayotganini bildirdi. Suhbatdoshlar fikricha, bunday qadam Yevropa davlatlarining Ukrainadagi kelishuv jarayoniga hissa qo‘shish variantlaridan biriga aylanishi mumkin, biroq ayni paytda tinchlikparvar qo‘shinlarni yuborish talabi Ukrainaning o‘zidan chiqishi kerak.

Bunday bayonotlar NATOga rasman berilmagan — na milliy darajada, na Shimoliy Atlantika alyansi darajasida. Taxminlarga ko‘ra, agar bunday missiya amalga oshirilsa, u butun NATO emas, balki faqat uzoq muddatda va alohida davlatlar nomidan bo‘ladi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte 3 dekabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukrainada tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi qadamlardan biri sifatida ittifoqchi kuchlarning Ukraina hududida bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob bermadi. «Men alyansning har bir a’zosidan kelayotgan har bir yangilikka izoh bermoqchi emasman, chunki biz bor e’tiborni Ukraina muzokaralarni eng yaxshi tomondan boshlashiga qaratishimiz kerak deb o‘ylayman», dedi Ryutte. NATO rasmiylari ham bu mavzuga hozircha izoh bermagan.

Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy jurnalistlarga Ukraina hududidagi NATO qo‘shinlari haqida gapirishni istamasligini aytdi, uning lyuksemburglik hamkasbi Ksave Bettel esa «askarlar borishi - urush degani» dedi hamda Yevropa hukumatlari qanday qilib o‘z saylovchilariga urush olib borish qarorini tushuntirishi bo‘yicha shubha bildirdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga yig‘ilishga yetib kelganidan so‘ng jurnalistlar oldida chiqish qildi, biroq ularning savollariga javob bermadi.

Mavzuga oid