Jahon | 14:45 / 26.12.2024
3324
3 daqiqa o‘qiladi

Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas

Rossiyalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, yagona imkoniyat, agar Kiyev «bu ish uchun muhim tarkibiy qismlarni tashqaridan, boshqa davlatlardan olsa» bo‘ladi.

Foto: Rossiya TIV

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Kiyev mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas.

«Kiyev rejimi bir necha hafta ichida o‘z-o‘zidan yadro qurolini yarata olmaydi. Bu fakt, nuqta», dedi diplomat haftalik brifingda.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, yagona imkoniyat, agar Kiyev «bu ish uchun muhim tarkibiy qismlarni tashqaridan, boshqa davlatlardan olsa» bo‘ladi.

Rossiya TIV rasmiy vakili, shuningdek, OAVda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Ukrainaga harbiy xizmatchilar yuborilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

«Biz Ukrainaga xorijiy kontingentlarni yuborish masalasidagi har qanday gap provokatsion ekanligidan kelib chiqamiz. Bu provokatsiyalarning maqsadlari boshqacha bo‘lishi mumkin, lekin shaklan, albatta, va mohiyatiga ko‘ra, bu provokatsiyadir. Menimcha, bu safar maqsad Ukraina inqirozi atrofidagi vaziyatni keskinlashtirish istagidir», — dedi diplomat.

Zaxarova Moldovadagi energiya inqirozi bilan bog‘liq mavzuga ham to‘xtaldi.

«(Moldova prezidenti Mayya) Sandu rejimi mamlakatdagi energetika inqirozidan Dnestrbo‘yi muammosini kuch bilan hal qilish uchun foydalanmoqchi. Ular Rossiyaga gaz ta’minotini to‘xtatish uchun mas’uliyatni yuklayapti va Dnestrbo‘yida Moldaviya davlat elektr stansiyasini kuch bilan tortib olish variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda SVR (Rossiya tashqi razvedka xizmati) batafsil ma’lumot berdi», — dedi diplomat.

RF TIV Ukrainada tinchlik o‘rnatishga chaqirgan GFR elchisini tanqid qildi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Germaniyaning Moskvadagi elchisi Aleksander Lambsdorffning Ukrainada tinchlik o‘rnatishga chaqirgan bayonotini tanqid qildi. Tegishli yozuvni 15 dekabr kuni Telegramʼda idora vakili Mariya Zaxarova qoldirgan.

Moskva Germaniyani Ukrainadagi «mojaroning faol kuchlaridan biri» deb atadi. Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Rojdestvo sulhini rad etdi» — «Rossiya bir necha bor Kiyevga olib ketishni taklif qilgan ukrainalik harbiy asirlarni ham bir necha bor rad etganidek».

«Tinchlik muzokaralari Ukraina tomonidan Buyuk Britaniya va AQSh bosimi ostida to‘sib qo‘yildi», dedi Zaxarova. «O‘lim uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’uliyat kollektiv G‘arb zimmasiga yuklanadi, u qurol-yarog‘ bilan qon to‘kilishini davom ettirishni rag‘batlantiryapti», — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid