Jahon | 15:31 / 27.12.2024
2253
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya RF aktivlari hisobidan Ukrainaga 3 mlrd dollar beradi

Tokio G7 tashabbusi doirasida Ukrainaga ko‘p milliard dollarlik yordam beradi. Zelenskiy Yaponiya hukumati va xalqiga minnatdorchilik bildirdi.

Foto: www.president.gov.ua

Yaponiya hukumati Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad hisobidan Kiyevga yana 3 milliard dollar o‘tkazadi. Bu haqda 25 dekabr, chorshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba bilan telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi. Bir oy oldin Tokio G7 mamlakatlari tashabbusi doirasida Ukrainaga xuddi shunday miqdorni ajratgan edi: u Kiyevga Rossiya aktivlari garovi bilan umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida kredit berishni nazarda tutadi.

Zelenskiy Shigeru bilan suhbatda Yaponiya hukumati va xalqiga «minglab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beruvchi umumiy qiymati 12 milliard dollarlik yirik gumanitar va moliyaviy yordam uchun» minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u Yaponiya bosh vaziriga 25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina energetika infratuzilmasini ommaviy ravishda o‘qqa tutgani haqida gapirdi.

Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshidan beri Kiyevga moliyaviy, gumanitar va noharbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Kiyev RFning muzlatilgan aktivlaridan milliard dollar oldi

Ukraina Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad evaziga AQShdan milliard dollar oldi, dedi 24 dekabr kuni bosh vazir Denis Shmigal o‘zining Telegram-kanalida. «Bu AQSh G7 tashabbusi doirasida bloklangan Rossiya aktivlaridan foydalanish orqali ajratishga tayyor bo‘lgan rejalashtirilgan 20 milliard dollarning birinchi transhidir», deb tushuntirdi u.

Shmigal Qo‘shma Shtatlar va Jahon bankiga «adolat sari muhim qadam» uchun minnatdorchilik bildirdi. «Biz Rossiyaning barcha suveren aktivlari musodara qilinishini va Ukrainani tiklash uchun ishlatilishini kutamiz», — deya qo‘shimcha qildi ukrainalik siyosatchi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid