Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada «ruhiy maummolar» tufayli ta’tilga chiqayotgan o‘qituvchilar soni oshdi
Yaponiyada 2020-2023 yillarda «ruhiy buzilishlar» sabab har yili qariyb 5 ming o‘qituvchi ta’tilga chiqqan bo‘lsa, oxirgi yilda ularning soni 7 mingdan oshib ketdi. Mamlakat Ta’lim vazirligi ish yuklamalarini kamaytirish uchun o‘qituvchilar sonini ko‘paytirishga va’da berdi.
Yaponiyada 2023-2024 o‘quv yili davomida «ruhiy buzilishlar» tufayli ta’til olgan o‘qituvchilar soni 7119 nafargacha oshdi, deb xabar beradi Kyodo agentligi.
Qayd etilishicha, 2020 yildan 2023 yilga qadar har yili 5 ming nafar o‘qituvchi shu kabi sabablar bilan ta’til olgan. Ta’lim, madaniyat, sport, ilm-fan va texnologiyalar vazirligi 20 ta shahardagi ta’lim muassasalarida tadqiqotlar o‘tkazgan hamda uning natijasida Yaponiyadagi barcha o‘qituvchilarning 0,77 foizi «ruhiy buzilishlar» tufayli ta’tilga chiqqani aniqlangan.
Ularning aksariyati muammolar o‘quvchilar (26,5 foiz), hamkasblar (23,6 foiz) hamda ma’muriy ishlar (13,2 foiz) bilan bog‘liq ekanini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, oxirgi bir yilda ishdan bo‘shagan 788 nafar o‘qituvchidan 260 nafari maktabdan ketishiga «ruhiy muammolar»ni asosiy sabab qilib ko‘rsatgan.
Yaponiya Ta’lim vazirligi ushbu o‘rganishlar natijasi bo‘yicha o‘qituvchilarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rishga, jumladan, o‘qituvchilar sonini oshirish orqali ularning ish yuklamasini kamaytirishga va’da bergan.
Mavzuga oid
14:06 / 26.05.2025
Yaponiya bozori uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi
15:50 / 25.05.2025
Yaponiya kemasi Rossiya bilan bahsli orol yaqinida ogohlantirishsiz o‘t ochdi
21:15 / 21.05.2025
Yaponiya qishloq xo‘jaligi vaziri guruch haqidagi gaplaridan keyin iste’fo berdi
09:05 / 21.05.2025