O‘zbekiston | 19:34 / 07.01.2025
7294
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisiga ta’ziya yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti zilzila oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tez orada shifo topishini tiladi.

Foto: Xinhua

Xitoy janubi-g‘arbidagi Shigatsze shahri Dinji u’yezdida kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Jinpingga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez orada shifo topishini tiladi.

Xitoy seysmologik tarmoqlar markazi (CENC) ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 09:00 atrofida XXRning Tibet avtonom hududining Nepal bilan chegarasi yaqinida 6,8 magnitudali zilzila ro‘y bergan.

Bu hudud Tibetdagi muqaddas tog‘lardan hisoblanib, bu yerda nufuzi bo‘yicha faqat Dalay-lamadan ortda qoladigan, Tibetdagi buddizmning muhim figuralaridan biri Panchen-lamaning qarorgohi joylashgan.

Yer silkinishi Nepal poytaxti Katmanduda, shuningdek, Butan va Hindiston hududlarida ham sezilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 95 kishiga yetgan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid