Jahon | 13:55 / 09.02.2025
3292
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bilan yadroviy kelishuvga erishmoqchi ekanini aytdi

AQSh rahbari muammoni harbiy yo‘l bilan emas, muzokara orqali hal qilishni afzal ko‘radi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlashdan ko‘ra, kelishuvga erishishni afzal ko‘radi. Bu haqda u 8 fevral kuni The New York Post nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Men Eron bilan yadroviy kelishuv imzolanishini istardim. Men buni bombardimondan afzal ko‘raman... Ular o‘lishni xohlamaydi. Hech kim o‘lishni xohlamaydi. Agar kelishuvga erishsak, Isroil ularni bombardimon qilmaydi», dedi Tramp.

U Eron bilan kelishuv qanday bo‘lishi haqida ma’lumot bermadi.

«Men ularga aytishim kerak bo‘lgan narsalarni oshkor qilishim mumkin edi. Ammo umid qilamanki, ular hozir reja qilayotgan narsalarni amalga oshirmaydi. Menimcha, ular bundan juda xursand bo‘ladi», dedi Tramp.

Agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, nima taklif qilinadi degan savolga Tramp shunday javob qaytardi: «Buni ayta olmayman, chunki bu juda keskin. Men ularni bombardimon qilmayman».

AQSh 2015 yilgi yadroviy kelishuvdan chiqqanidan keyin Eron 2019 yilda yadroviy tadqiqotlarni tikladi. The New York Times gazetasining 2025 yil fevralida keltirgan AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, eronlik muhandislar yadroviy qurol yaratish uchun «bir yil yoki undan kamroq, oylar» davom etadigan qisqaroq yo‘lni o‘rganmoqda.

2024 yil dekabrida Tramp Eronning o‘z yadroviy qurolini yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikning bir qancha variantlarini, jumladan, Eron yadroviy inshootlariga zarbalar berishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid