O‘zbekiston | 12:15 / 03.03.2025
703
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Malayziya maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi

Malayziyaning Berita RTM davlat teleradiokompaniyasi saytida O‘zbekiston va Malayziya ikki tomonlama munosabatlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Foto: berita.rtm.gov.my

Unda Malayziya bilan do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining Osiyo yo‘nalishidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlangan.

"Joriy yilda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 33 yilligi nishonlanmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari do‘stlik, tenglik, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda izchil va samarali rivojlandi", – deyilgan nashrda.

Qayd etilishicha, oliy darajadagi tashriflar va davlatlararo muloqotning yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlari ikki tomonlama hamkorlikni ilgari surish va chuqurlashtirishda muhim rol o‘ynadi.

Maqolada so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2020 yildan buyon 2,5 barobarga oshganligi qayd etilgan. O‘zbekiston hududida Malayziya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 37 taga yetgani xabar qilingan.

"Bundan tashqari, tomonlar yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish uchun maxsus O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga kelishib oldilar. Albatta, uning tashkil etilishi mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini sezilarli darajada chuqurlashtirishga va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega qo‘shma loyihalarni shakllantirishga zamin yaratadi", – deb yozgan Berita RTM.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid