«Gazprom» G‘arb sanksiyalaridan eng katta zarar ko‘rgan kompaniya bo‘ldi - Reuters
Bir paytlar Rossiyaning yuksaklarga parvoz qilgan va kapitalizatsiyasi bo‘yicha jahonda old o‘rinlarda turgan gaz eksport qiluvchi kompaniyasi Yevropa bozoridan ayrilib, og‘ir ahvolda qoldi, deb yozmoqda Reuters.

Foto: REUTERS
Rossiya davlat gaz giganti «Gazprom» bosh direktori Aleksey Miller 11 yil avval Sankt-Peterburg shahri markazida Italiyaning saroy uslubida barpo etilgan hashamatli binoni ocharkan, uning kelajagi Yevropa bozoriga bog‘liq ekanini bashorat qilgan edi.
Rossiyaning eng «yevropacha» shahrida qurilgan zamonaviy ofislar haqida gapirar ekan, Miller: «Bu ramziy ma’noga ega. Yevropaning Rossiya gaziga ehtiyoji yanada ortadi», degandi.
Biroq bugunga kelib ushbu hashamatli ofislar «Gazprom»ning keskin tanazzuli ramziga aylandi. Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari uzilganidan so‘ng kompaniya Yevropa bozorlarini qariyb butunlay yo‘qotdi.
Bir necha milliard dollarlik zarar ko‘rib, iqtisod qilish uchun chora izlayotgan «Gazprom» rahbariyati endi ushbu binoni boshqa hashamatli mulklari bilan birga sotishni o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda «Gazprom» rahbariyatidan biri hamda kompaniya ichidagi muhokamalardan xabardor yana bir manba Reutersʼga ma’lum qildi.
«Gazprom» Rossiyaning uch yil avval Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng joriy qilingan xalqaro sanksiyalardan eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniya bo‘ldi. Rossiya iqtisodiyotining umumiy barqarorligi saqlanayotgan bo‘lsa-da, bir qancha sohalarda keskin qiyinchiliklar kuzatila boshladi. Reuters avvalroq prezident Vladimir Putin harbiy xarajatlarning keskin ortishi iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan xavotirda ekani haqida xabar bergan edi.
«Gazprom eksport» xodimlari keskin qisqarib, bir necha o‘n kishigacha tushib qoldi. Bir paytlar kompaniyaning eng farovon bo‘linmasi bo‘lgan va yarim asrdan ortiq davomida SSSR hamda Rossiyaning Yevropaga gaz sotuvini boshqarib kelgan ushbu bo‘linmada hozir faqat bir necha o‘nlab xodim qolgan.
Rossiya Yevropaga eng ko‘p gaz eksport qilgan besh yil oldingi davrda ushbu bo‘linmada 600 kishi ishlayotgan edi. Binoning sotilishi mumkinligi va xodimlar qisqartirilgani haqida hozircha biror joyda rasmiy xabar berilmagan.
«Gazprom» matbuot xizmati va Rossiya energetika vazirligi ushbu xabar yuzasidan izoh berish bo‘yicha qilingan murojaatlarni javobsiz qoldirdi.
Vaziyatdan xabardor manbalarning Reutersʼga bildirishicha, Yevropa bozori yo‘qotilgach, qolgan xodimlar asosan Yevropa Ittifoqidagi sobiq xaridorlar bilan sud jarayonlariga jalb qilingan. «Gazprom eksport» hozirda «shunchaki quruq qobiq»qa aylangan, deydi manbalardan biri.
Kremlga yaqin «Milliy energetika xavfsizligi jamg‘armasi» eksperti Aleksey Grivachning ta’kidlashicha, yaqin istiqbolda «Gazprom»ning vazifasi ancha kamtarona bo‘lib, asosan Rossiya aholisining gaz ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.
«Gazprom»ga iqtisodiyot va aholini arzon, davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarda gaz bilan ta’minlash va gazlashtirish vazifasi yuklangan», dedi u.
Reuters ushbu materialni tayyorlashda «Gazprom»ning uch nafar rahbari va oltita hozirgi hamda sobiq xodimi bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi professional oqibatlardan xavfsirab, nomini oshkor qilmaslikni so‘ragan.
Keng qamrovli qisqartirishlar
Xodimlar bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, «Gazprom» muammolari faqat eksport bo‘limi bilan cheklanib qolmagan. Reuters bilan muloqot qilgan ikki manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Aleksey Miller Rossiyadagi bosh kompaniya qarorgohida va Sankt-Peterburgda joylashgan, Yevropa bo‘yicha eng baland binolardan biri hisoblangan Britaniya loyihasi asosida qurilgan «Laxta sentr»da ham 1500 nafar xodimni qisqartirish rejasini tasdiqlagan.
Boshqa bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, «Gazprom» bosh qarorgohidagi qisqartirishlar hali rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, xodimlardan o‘z ish o‘rinlarini saqlab qolish uchun taqdimotlar tayyorlash talab qilingan. Xodimlar o‘z vazifalari va bir-biri bilan o‘xshashliklar haqida bayonnoma yozib topshirishi kerak. Bu jarayon bir necha hafta ichida yakunlanishi kutilmoqda.
Ushbu qisqartirishlar «Gazprom»ning bosh qarorgohidagi jami xodimlarning taxminan 40 foizini tashkil etadi, ammo butun Rossiya bo‘ylab yarim million kishidan iborat umumiy ishchi kuchiga nisbatan kichik ulushdir.
Bir rahbarning aytishicha, kompaniya boshqaruvi Yevropaning qarorli pozitsiyasini noto‘g‘ri baholagan. Kompaniya ichidagi fikrlarga ko‘ra, Yevropa tez orada Rossiya gazi uchun «iltijo qilib» qayta murojaat qiladi, deb taxmin qilingan edi. Biroq energetika xarajatlari oshganiga qaramasdan, Yevropa Ittifoqi sanksiyalardan voz kechmadi. «Biz xatoga yo‘l qo‘ygan ekanmiz», — dedi mazkur rahbar.
Rossiya gazining o‘rnini AQSh tezda egalladi va Yevropa qit’asida AQSh hozir eng yirik suyultirilgan tabbiy gaz (LNG) eksportyori bo‘lib qoldi. AQShning Yevropaga yetkazib berayotgan LNG hajmi 2021 yildan buyon uch barobar oshgan. Yevropa hali ham Rossiyaning dengiz orqali yetkazib beriladigan suyultirilgan gazini xarid qilmoqda, biroq xaridlar asosan «Gazprom»ning raqobatchisi bo‘lgan «Novatek»ning «Yamal LNG» zavodidan amalga oshirilmoqda.
Yevropa Ittifoqi 2027 yilga borib Rossiyadan keladigan yoqilg‘iga qaramlikni to‘liq to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Umumiy gaz iste’moli esa qisman qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishi sabab kamayib bormoqda.
2023 yil yakunlari bo‘yicha «Gazprom» 7 mlrd dollar miqdorida zarar ko‘rganini e’lon qildi. Bu Vladimir Putin hokimiyatga kelgan 1999 yildan beri kompaniyaning birinchi zararidir. Shuningdek, 2024 yilning dastlabki 9 oyida ham yirik zarar qayd etilgan.
2024 yil dekabri o‘rtalarida «Gazprom» aksiyalari 2009 yil yanvaridan beri eng past darajaga tushib, bir aksiya uchun 106,1 rublni tashkil etdi. Bu 2024 yil boshidan beri 33 foizdan ko‘proq pasayish demakdir.
O‘tgan yili yillik zarar haqida xabar berganidan bir necha oy o‘tib, «Gazprom» Moskva va Armanistondagi «Gullar vodiysi»da joylashgan taniqli hashamatli mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan yuqori qiymatli mulklarini sotishini ma’lum qilgan edi.
«Gazprom» uzoq yillar davomida hashamatli mulklarga sarmoya kiritib kelgan. Bu mulklar xodimlarni rag‘batlantirish, ularga maroqli dam olish imkoniyati berish, shuningdek, 2014 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari kabi turli konferensiyalar va tadbirlarni o‘tkazish uchun foydalanilgan.
Tramp effekti
Donald Trampning Oq uyga qaytishi «Gazprom» aksiyalari qiymati tiklanishiga biroz yordam berib, ularning narxi taxminan 180 rublga ko‘tarildi. Bu haqda o‘tgan oyda Alpha Bank o‘z hisobotida ma’lum qildi. Bunga Ukrainadagi urushda tezkor tinchlik kelishuviga erishilishi va natijada Yevropa bilan gaz eksporti tiklanishi mumkinligiga umidlar sabab bo‘ldi.
Shunga qaramay, Yevropaning qaytadan Rossiya gaziga qaram bo‘lib qolishiga ishoralar kam. Financial Times nashriga ko‘ra, Putinning uzoq yillik ittifoqdoshlaridan biri Amerika Qo‘shma Shtatlaridan qiymati 11 mlrd dollar bo‘lgan va Rossiyadan Germaniya orqali gaz yetkazuvchi «Shimoliy oqim-2» gaz quvurini qayta ishga tushirishga ruxsat berishni so‘ramoqda. Biroq Germaniya Rossiya energiya manbalariga bog‘liq bo‘lmaslik siyosatiga sodiq qolishini bildirgan.
Agar Yevropa qayta gaz olishni xohlagan taqdirda ham, hozir qisman shikastlangan holatda bo‘lgan «Shimoliy oqim» gaz quvuri ishlamaydi.
Shell kompaniyasining integral gaz bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Sederik Kremers fevral oyi oxirida Londonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro energetika haftaligida «Rossiya quvur gazi Yevropaga qaytishi mumkinmi?» degan savolga javoban: «Bu ko‘p omillarga bog‘liq», deya ta’kidladi.
U «Gazprom» bilan bog‘liq ko‘plab sud jarayonlariga e’tibor qaratib, «xaridorlar va Yevropa Rossiya gaziga avvalgiday bog‘lanib qolishni xohlaydimi?» degan savolni o‘rtaga tashladi.
Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalaridan avval «Gazprom»ning Yevropa bozoridagi 35 foizdan yuqori bo‘lgan ulushi hozir 7 foizga tushib qolgan.
Moskva fond birjasi, «Gazprom» va Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, kompaniyaning bozor kapitallashuvi chorshanba kuni holatiga ko‘ra taxminan 46 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bu esa 2007 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich — 330,9 mlrd dollardan 7 barobar pastdir.
Miller davri intihosi
Kompaniya ichki gaz ta’minotchisi sifatida yangi rolga moslashar ekan, bosh direktor Aleksey Millerning ilgarigi balandparvoz rejalari amalga oshmay qoldi. 2007 yilda Miller kompaniyaning bozor qiymati kelajakda 1 trln dollarga yetishini aytgan edi.
O‘sha paytlarda bu real marradek ko‘ringan bo‘lsa-da, hozir kompaniya ichki bozorga gaz yetkazib berish bilan cheklanib qolgan. Miller 24 yildan beri kompaniyani boshqaradi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 1990-yillarda Putin Sankt-Peterburg meriyasida ishlagan paytlardan beri yaqin do‘st hisoblanadi. Miller 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ro‘yxatida bo‘lib, AQSh fuqarolari va kompaniyalariga u bilan har qanday aloqalar taqiqlangan.
«Gazprom» uzoq yillar davomida Rossiyada «davlat ichida davlat» maqomida bo‘lgan edi. Kompaniyaning Yevropa bozoridagi ulushi 35 foizdan oshiq bo‘lgandi. Reuters bilan gaplashgan manbalar kompaniyaning ishlab chiqarish obektlari yoki monoshaharlar («Gazprom» tomonidan barpo etilgan shaharlar)dagi ish joylarining qisqartirilishi haqida rejalar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Qirlar osha gaz o‘tkazish istiqbollari
Putinning Yevropaga gaz eksport qilishni Xitoy bozori bilan almashtirish haqidagi uzoq muddatli va’dalari hozircha optimistik qarash sifatida qolmoqda. Hatto eng katta rejalar bilan sharqqa gaz yetkazish loyihalari amalga oshgan taqdirda ham, ularning hajmi avvalgi yillarda Yevropa bozoriga yetkazilgan 180 milliard kub metr gazning yarmiga ham yetmaydi.
Rossiya gazining katta qismi Yevropaga gaz haydash quvurlari orqali yetkazilardi. Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari xaridlarni to‘xtatganidan keyin ortgan gazni joylashtirishning boshqa yo‘li qolmadi.
Shunga qaramay, Rossiya neft eksportchilari tankerlarini ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llamagan Osiyo mamlakatlariga qayta yo‘naltira oldi.
Rossiyaning 2023 yilda rekord darajada pasaygan gaz ishlab chiqarishi o‘tgan yili ichki bozordagi talabning o‘sishi va Xitoyga eksportning ko‘payishi hisobiga qisman tiklandi. Ammo bu savdoni yanada kengaytirish uchun quvur infratuzilmasi yetarli emas.
Hozircha Rossiyadan Xitoyga gaz yetkazib beruvchi yagona katta yo‘nalish – yiliga 38 milliard kub metr quvvatga ega bo‘lgan «Sibir qudrati» quvuridir.
Ikkinchi kichikroq quvur – yiliga 10 milliard kub metr gaz tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan va Tinch okeanidagi Saxalin orolini Xitoy bilan bog‘laydigan liniya – 2027 yilgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Rossiya va Xitoy o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida uchinchi – «Sibir qudrati-2» gaz quvurini qurish haqida muzokaralar olib bormoqda. Bu quvur yiliga 50 milliard kub metr gaz tashishi va Xitoy gaz iste’molining o‘ndan bir qismini qoplashi mumkin. Biroq ushbu reja amalga oshishi uchun bir necha yillar kerak, narxlar borasidagi kelishmovchiliklar sabab muzokaralar to‘xtab qolgan, deyiladi ommaviy axborot vositalari xabarlarida.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak may oyida Rossiya va Xitoy «Sibir qudrati-2» gaz quvuri bo‘yicha shartnomani «yaqin vaqt ichida» imzolashini ma’lum qilgan edi.
«Interfaks» agentligiga ko‘ra, yanvar oyida prezident Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping o‘rtasida «Sibir qudrati-2» masalasi muhokama qilingan, biroq kelishuvga erishilmagan.
Gazprom bilan muzokara olib borayotgan China National Petroleum Corporation kompaniyasi ushbu jarayonga izoh berishdan bosh tortdi. Rossiya hukumati ham Reuters agentligi so‘roviga javob bermadi.
Kolumbiya universiteti Global energetika siyosati markazi tahlilchilarining ta’kidlashicha, agar hatto «Sibir qudrati-2» loyihasi tez fursatda amalga oshirilgan taqdirda ham, gaz hajmi va narx shartlari Yevropaga o‘tmishda amalga oshirilgan eksport ko‘rsatkichlaridan ancha past bo‘ladi.
«2030 yilga borib Rossiya gaz eksportidan olinadigan daromad 2022 yil bilan taqqoslaganda 55-80 foizga qisqarishi mumkin. 2022 yilda Rossiya gaz sanoati rekord darajada, 165 mlrd dollar daromad olgan edi», deyiladi markaz tomonidan o‘tgan yili tayyorlangan tahliliy hisobotda.
Mavzuga oid

22:13 / 14.03.2025
Xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytariladi

17:12 / 14.03.2025
Rossiya Xitoy va Hindiston bilan neft savdosida kriptovalutadan foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi

17:01 / 14.03.2025
Kit Kellogg Kreml talabiga binoan Ukraina bo‘yicha muzokaralardan chetlatildi

13:53 / 14.03.2025