Jahon | 00:25
7823
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya AQShga tuxum yetkazib berishdan bosh tortdi

AQSh parranda grippi sabab boshlangan tuxum yetishmovchiligi fonida Yevropa davlatlaridan yordam so‘radi. Ammo Shvetsiya va Finlandiya ushbu mahsulotni yetkazib berishdan bosh tortdi.

Foto: Global Look Press

AQSh parranda grippi sabab yuzaga kelgan tovuq tuxumlari yetishmovchiligi fonida Yevropa davlatlariga, xususan, Finlandiyaga ushbu masalada yordam so‘rab murojaat qildi. Ammo Helsinki Qo‘shma Shtatlarda tuxum yetkazib bermoqchi emas, chunki ushbu mahsulot eksporti bo‘yicha Vashington bilan oldinlari muzokara o‘tkazilmagan. Bu haqda Finlandiya parrandachilik assotsiatsiyasining ijrochi direktori Veyera Lehtilya ma’lum qildi.

«Kelishilgan qoidalar bo‘lmaganidan keyin eksportni boshlash oson emas», — deydi u.

Lehtilyaning so‘zlariga ko‘ra, agar Finlandiya yetkazib berishni amalga oshira olgan taqdirda ham ushbu qaror AQShda tuxum yetishmovchiligi muammosini hal etmaydi. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, parranda grippi nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki Yevropa uchun ham muammo hisoblanadi. «Finlandiya hozirga qadar buni yaxshi uddalagan bo‘lsada, bundan qutilib qolish uchun muntazam ishlashga to‘g‘ri keladi», — deya qo‘shimcha qiladi Lehtilya.

Daniyaning Agriwatch jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh tuxum yetkazib berish bo‘yicha so‘rovlarni, shuningdek, Daniya, Shvetsiya va Niderlandiyaga ham yo‘llagan. «Ular asosan biz qancha hajmda tuxum yetkazib bera olishimizni so‘radi», — deydi Lehtilya.

Shvetsiyaning Kronagss kompaniyasi ham AQShga tuxum eksport qilishi dargumon ekanini bildirgan, chunki eksport cheklovlari va Yevropaning o‘zida tuxum yetishmasligi bunga xalaqit beradi.

Yle’ning qayd etishicha, AQSh oldinlari tuxumni asosan Kanadadan import qilgan, ammo Donald Tramp boshlagan savdo urushi sabab importni oshirish imkonsiz.

Parranda grippi epidemiyasi sabab 2024 yilning oxirgi choragida AQShda 20 milliondan ortiq tovuq nobud bo‘lgan — bu esa tuxum narxining oshishiga va do‘konlarda ularning yetishmovchiligi boshlanishiga olib kelgan. Fevral oxirlarida Amerika Qishloq xo‘jaligi vazirligi qadoqdagi 12 ta tuxum narxi 8,41 dollarga chiqqanini ma’lum qilgandi — bu rekord darajadagi ko‘rsatkich bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 200 foizli o‘sishni anglatadi.

Mavzuga oid