Rubl kursining barqarorlashuvi. Bunga qaysi omillar ta’sir qilyapti?
2025 yilning boshidan beri Rossiya valutasi dollarga nisbatan 16,4 foizga mustahkamlandi. Bunga asosiy sabab sifatida Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning boshlangani hamda xorijiy valutaga nisbatan talabning mavsumiy pasayishi kabi omillar keltirilyapti. Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, yilning ikkinchi yarmidan boshlab yana rubl kursining zaiflashishi boshlanadi.

Foto: illustrative phto / er.ru
Joriy yil boshidan buyon rubl kursi sezilarli darajada mustahkamlandi. Xususan, yanvar oyidagi ilk savdolarda 1 dollar 102,3 rublni tashkil etgan bo‘lsa, 15 mart holatiga bu ko‘rsatkich 85,5 rublgacha pasaygan. Umuman olganda, yil boshidan beri Rossiya valutasi dollarga nisbatan 16,4 foizga mustahkamlandi.
Mutaxassislar tahlillariga ko‘ra, bir qancha omillar rubl kursining mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etyapti.
Geosiyosiy optimizm. Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning boshlanishi, amerikaliklar va Ukraina rasmiylari o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha aloqalar xorijiy investorlarning Rossiya fond bozoriga kapital kiritishini rag‘batlantiryapti. Shuningdek, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish rejasini tayyorlayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.
Rossiya Markaziy banki oxirgi hisobotida ham rublning mustahkamlanishiga ta’sir qilayotgan asosiy omillardan biri sifatida geosiyosiy keskinlikning pasayishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar keltirilgan.
Valuta tushumlarining ko‘payishi. Fevral oyida Rossiyaning eng yirik eksportchilaridan 29 ta kompaniyaning sof savdosi yanvar oyiga nisbatan 25 foizga oshgan va 12,4 milliard dollarni tashkil etgan. Natijada moliya bozorida rubl aktivlariga nisbatan talab oshgan.
Mavsumiy talabning pasayishi. Market Power loyihasi tahlilchilarining qayd etishicha, birinchi chorakda valutaga bo‘lgan talab ham import qiluvchilar, ham aholi o‘rtasida past bo‘ladi. Bu davrda tashqi qarzni to‘lash uchun xorijiy valutaga bo‘lgan ehtiyoj ham yilning boshqa davrlariga nisbatan kamayadi.
Jahon bozorida dollar kursining zaiflashishi. Mart oyida Amerika valutasi nafaqat rubl, balki boshqa valutalarga nisbatan ham zaiflashdi. Global miqyosida dollarga bo‘lgan talab AQSh iqtisodiyoti istiqbollari haqidagi xavotirlarning kuchayishi tufayli pasaygan. Bozordagi sarosimaga Donald Trampning AQSh iqtisodiyotida ehtimoliy pasayish haqida bergan bayonoti sabab bo‘ldi. Amerika prezidenti mamlakat «o‘tish davrini» boshdan kechirayotganini aytdi va uning o‘zi boshlab bergan tarif urushlari natijasida iqtisodiyotda retsessiya boshlanishini istisno etmadi.
Rubl kursi bo‘yicha prognozlar
«Tsifra brokera» tahlilchisi Nataliya Pirevaning fikricha, yaqin kelajakda rubl qator mavsumiy omillar ta’sirida o‘zining hozirgi qiymatini saqlab qolishi mumkin.
«Rublning mustahkamlash potensiali bir dollar uchun 80-85 rubl darajasida tugaydi, shundan so‘ng kurs ikkinchi chorakda bir dollar uchun 95-100 rubl oralig‘ida bo‘ladi», deydi u.
Pirevaning qo‘shimcha qilishicha, yilning ikkinchi yarmida rublning zaiflashish tendensiyasi qayta tiklanadi, chunki neft va gaz sektori daromadlari qisqaradi, importchilar va aholi tomonidan valutaga bo‘lgan talab esa oshadi.
BCS World of Investmens kompaniyasi vakili Dmitriy Babin ham o‘rta muddatli istiqbolda rubl kursi yana zaiflasha boshlaydi, deb hisoblamoqda.
Rubl kursining O‘zbekistonga ta’siri
Pul o‘tkazmalariga ta’siri. O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining katta qismi Rossiyadagi mehnat muhojirlari tomonidan amalga oshiriladi. Jumladan, Markaziy bank taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda o‘tkazmalarining umumiy hajmi 14,8 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan 77 foizi Rossiyadan yuborilgan o‘tkazmalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Rubl qadrining dollarga nisbatan barqarorlashishi esa asosiy daromadi xorijdan yuboriladigan mablag‘larga bog‘liq bo‘lgan oilalarning iste’mol quvvatini oshiradi.
Eksport tushumlariga ta’siri. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi 11,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan eksport hajmi – 3,7 mlrd dollar. Rossiya O‘zbekistonning eng katta eksport bozori hisoblanadi.
O‘zbekistonlik eksportchilar Rossiyaga mahsulot yetkazib berayotganda mahsulot tannarxi Rossiya bozoridagi narxlarga qarab belgilanadi. Rublning dollarga nisbatan mustahkamlanishi O‘zbekistondan kirib borgan mahsulotlarning mahalliy mahsulotlar bilan raqobatbardoshligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari milliy valutalarining mustahkamlanishi so‘m kursi barqarorlashishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavzuga oid

20:56 / 17.03.2025
Madrid 65 nafar Rossiya fuqarosiga yashash guvohnomalarini berishdan bosh tortdi

20:39 / 17.03.2025
Rossiya sudi Google kompaniyasi jarimasini 91 kvintilion rublgacha chekladi

18:17 / 17.03.2025
Ukraina ba’zi shartlarda Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar olib tashlanishiga rozi

17:31 / 13.03.2025