18 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Qozog‘istonda qo‘lga olingan mushtumzo‘r, qamrovi oshiriladigan markaziy isitish tizimi, «Openbudjet»dan chetlatiladigan loyihalar va 86 tovarga eksport boji — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Tungi klubdagi mushtumzo‘r Qozog‘istonda qo‘lga olindi
Toshkentdagi tungi klub oldida erkak va ayolga kuch ishlatishda gumonlangan Akmal Shukurov Qozog‘istonda ushlandi. Hozirda uni ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
16 martga o‘tar kechasi Yakkasaroy tumanidagi «12» tungi klubi oldida janjal kelib chiqqan. Gumonlanuvchi Shukurov mushtlashuv davomida Boris Avakyanga og‘ir jarohat yetkazgan. Avakyan hushidan ketib, bosh jarohati tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277- va 104-moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Shukurov Qozog‘istonda ushlangan va uni Toshkentga qaytarish jarayoni boshlangan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi uzoq yillar Interpolning Toshkentdagi ofisi direktori bo‘lib ishlagan Boboqul Shukurovning o‘g‘li bo‘ladi.
Majburiy ovoz yig‘ilgan loyihalar chetlatiladi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet» doirasida majburiy ovoz yig‘ilgan loyihalar ovoz berish bosqichidan chiqarilishini ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 37-maktabda xodimlarni ovoz berishga majburlash holati aniqlangan. Tekshiruv natijasida maktab rahbariyati tomonidan majburlash yo‘li bilan ovoz yig‘ilgani tasdiqlandi. Shu sababli vazirlik mazkur loyihalarni chetlatish yuzasidan xalq deputatlari tuman kengashiga taqdimnoma yubordi.
Vazirlik fuqarolarni ovoz to‘plashga majburlash holatlariga duch kelgan taqdirda Bandlik vazirligining (71) 200-06-00 ishonch raqamiga xabar berishni so‘radi. Shuningdek, «Tashabbusli budjet» jarayonida majburiy ovoz berish holatlari majburiy mehnat sifatida baholanishi ta’kidlandi.
Avvalroq maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Quva tumanidagi maktablardan birida direktor o‘qituvchilarning maoshidan 700 ming so‘mdan ushlab qolgani haqida xabar bergandi. Ushbu holatdan so‘ng direktor bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Yuqori reytingli fermerlarga imtiyozlar beriladi
O‘zbekistonda yuqori reytingli fermerlarga yer solig‘i 3 barobar, fermerlar kengashiga to‘lanadigan badal 2 karra kamaytirilishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 martdagi videoselektor yig‘ilishida bu haqda ma’lum qildi.
Hozirda 93 ming fermer tadbirkorlik reytingi asosida baholanmoqda. Yangi tizimda hosildorlik, ishchi soni va mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi. Yuqori reytingli fermerlar uchun kreditni qaytarmaslik xavfini sug‘urtalash talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, paxta va g‘alla hosili yuqori fermerlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqa va sabzavot ekishga ruxsat beriladi.
Yig‘ilishda, jumladan, obodonlashtirish ishlari muhokama qilinib, 125 mln tup ko‘chat ekish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Markazlashgan issiqlik qamrovi oshiriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, uy-joy va bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasi isloh qilinib, binolarning energiya samaradorligi oshiriladi.
Keyingi besh yilda sohada yagona davlat siyosatini yuritish, strategik takliflarni ishlab chiqish hamda issiqlik ta’minoti korxonalarini muvofiqlashtiruvchi tashkilot tuzish rejalashtirilgan. Shuningdek, eskirgan 103 qozonxona va 1,6 ming km issiqlik tarmog‘ini yangilash, 9 ta shahar va tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya loyihalarini amalga oshirish mo‘ljallangan.
Markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi 37 foizdan 58 foizgacha oshiriladi, tizimdagi yo‘qotishlar 38 foizdan 20 foizgacha kamaytiriladi. 2025-2030 yillarda ijtimoiy soha va davlat muassasalarini issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish uchun davlat dasturlari, investitsiya loyihalari va xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi yangi loyihalar tasdiqlandi.
86 turdagi tovarlarga eksport boji joriy etildi
2025 yil 1 iyuldan tabiiy gaz, go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, guruch, mineral o‘g‘itlar, charm xomashyosi va boshqa 86 turdagi tovarlarga eksport boji joriy etiladi. Bu Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Prezidentning 14 martdagi farmoniga muvofiq, ayrim tovarlarga bojxona bojlari joriy etilib, mavjud yig‘imlar bekor qilindi. Jumladan, charm xomashyosi, ipak, paxta ip-kalavasi, trikotaj matolar, rangli metall chiqindilari uchun eksport tartib-taomillari o‘zgardi.
Shuningdek, strategik xomashyo mahsulotlari, jumladan, tabiiy gaz, paxta tolasi, mineral o‘g‘itlar, polietilen va polipropilen kabi tovarlarga ham eksport boji belgilandi.
Bu choralar mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va qayta ishlash sanoatiga investitsiya jalb qilishga qaratilgan.
Mavzuga oid

22:10
19 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:40 / 17.03.2025
17 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:10 / 14.03.2025
14 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:32 / 13.03.2025