Jahon | 08:05 / 28.03.2025
3360
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu G‘azoni bosib olish bilan tahdid qilmoqda

Isroil agar falastinliklar Tel Aviv shartlari bajarmasa, butun G‘azo hududini anneksiya qilishni va’da berdi

Foto: Los Angeles Times

Binyamin Netanyahu HAMAS tomonidan garovda saqlanayotgan isroilliklar ozod etilmasa, Isroil butun G‘azo hududini bosib oladi, degan tahdidini yana bir bor takrorladi. Bu ogohlantirish Isroilning ikkinchi hafta davom etayotgan havo hujumlari ortidan yangradi. Birgina otashkesim bekor bo‘lgan so‘nggi kunlarda zarbalar oqibatida800 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

Netanyahuning ta’kidlashicha, HAMAS garovdagilarni ozod qilishdan qanchalik bosh torsa, Isroil shunchalik qattiqroq jazo choralarini qo‘llaydi. U jumladan hududlarni egallash va yana hozircha aniqlik kiritilmagan boshqa choralar haqida gapirdi.

Biroq amaliy jihatdan aynan Isroil tinchlik muzokaralaridan voz kechdi hamda urushni to‘xtatish bo‘yicha ikkinchi bosqichga o‘tishdan bosh tortdi. Tel Aviv olib borilayotgan tajovuz va falastinliklarga nisbatan zulmni davom ettirish orqali Netanyahuga sherik bo‘lgan ultrao‘ngchi siyosiy guruhlarning kutilmalarini qondirmoqda.

Bundan oldin Isroil mudofaa vaziri Israel Kats ham Tel Aviv G‘azoni to‘liq okkupatsiya qilish niyatida ekanini aytgan edi.

Ayni paytda Isroil o‘z hujumlarini yumshatish yoki G‘azoga yordam yetkazish uchun o‘tish punktlarini ochish niyatida ekanini ko‘rsatmayapti.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 martdan boshlab Isroilning yangi hujumlari natijasida 830 falastinlik halok bo‘lgan, yana 1787 kishi yaralangan. Ko‘pchilik jabrlanuvchilar ayollar va bolalardir.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari va evakuatsiya bo‘yicha chiqarilgan buyruqlar tufayli 124 ming falastinlik yana o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

2023 yil oktyabridan beri G‘azoda davom etayotgan qattiq harbiy amaliyotlarda 50 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, ularning aksariyati ayol va bolalar. Yaralanganlar soni esa 113 mingdan oshib ketgan.

G‘azodagi qurbonlar soni ko‘payib borayotgan bir paytda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otashkesim muzokaralari to‘xtab qolgan. AQSh, Qatar va Misr vositachi sifatida ishtirok etgan ushbu jarayonda kelishuvning 1 martda tugagan birinchi bosqichi yangilanmadi.

HAMAS Isroilni tinchlik muzokaralarini atayin yo‘qqa chiqarganlikda ayblamoqda. Aslida bu muzokaralar falastin eksklavida urushni to‘liq to‘xtatishga qaratilgan edi.

Mavzuga oid