Minglab isroilliklar hukumatga qarshi namoyishga chiqdi
Tel-Avivdagi namoyishchilar garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoridagi urushni tugatish bo‘yicha Hamas bilan kelishuvga erishishni talab qildi. Norozilik aksilrazvedka xizmati rahbari Ronen Barni ishdan bo‘shatishga qarshi ham qaratilgan.

Foto: Ariel Schalit/AP Photo/picture alliance
Isroilda 7 aprel, dushanba kuni yana minglab odamlar Tel-Aviv markazida namoyish o‘tkazish uchun ko‘chalarga chiqdi. Namoyishchilar hukumatdan G‘azo sektorida 2023 yil 7 oktyabrda garovga olingan qolgan isroilliklarni ozod qilish uchun Hamas harakati bilan kelishuvga erishishni talab qildi.
Namoyishchilarning ko‘pchiligi G‘azo sektorida urushni davom ettirishga qarshi chiqdi. Ularning plakatlariga yozilgan shiorlar orasida: «Qancha qon to‘kiladi?» yoki «Urushni to‘xtating» kabilar bor.
Namoyish Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgani sababli, uning ishtirokchilari, jumladan, yaqinda Hamas jangchilari tomonidan ozod etilgan garovga olinganlarning bir qismi, shuningdek, ularning oila a’zolari va tarafdorlari AQSh prezidenti Donald Trampni urushni tugatishga yordam berishga chaqirdi, deb xabar qiladi AP.
Bundan tashqari, namoyishchilar Binyamin Netanyahu hukumatiga, xususan, Isroil Xavfsizlik xizmati (ShABAK) rahbari Ronen Barni ishdan bo‘shatish qaroriga qarshi o‘z noroziliklarini bildirdi. Maxsus xizmat, boshqa narsalar qatori, Netanyahuning ishonchli shaxslari va Qatar o‘rtasidagi noqonuniy aloqalarni ham tekshirmoqda. Oliy sud (Oliy adliya sudi, BAGATs) Barni ishdan bo‘shatishga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi, sud majlisi 8 aprelga belgilangan.
18 mart kuni Isroil G‘azo sektoriga havo hujumlarini qayta boshladi. 19 mart kuni quruqlikdagi operatsiya ham qayta tiklandi. Uning maqsadi, hukumat ma’lum qilishicha, garovdagilarni ozod qilish uchun Hamasga bosimni kuchaytirish.
Mavzuga oid

13:46 / 18.04.2025
Falastinni tan olmoqchi bo‘layotgan Fransiya, Trampdan Putinga so‘nggi ultimatum va «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan Rossiya - kun dayjesti

19:46 / 17.04.2025
Isroilning Eronga zarbasi Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi

13:43 / 15.04.2025
Isroil Germaniya TIVni HAMAS jangchilarini rag‘batlantirishda aybladi

08:45 / 15.04.2025