Jahon | 10:10 / 09.04.2025
2671
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Dnipro va Xarkivga dronlar bilan zarba berdi

Dnipro va Xarkivda Rossiya uchuvchisiz uchoqlarining hujumi natijasida yong‘in sodir bo‘ldi, turar joy binolari zarar ko‘rdi, ko‘p qavatli uyning derazalari singan. Dniproda 14 kishi jarohatlangan, Xarkivda ikki kishi jabrlangan.

Foto: Pavlo Pakhomenko/NurPhoto/Imago

8 aprel, seshanba kuni kechqurun Rossiya armiyasi Dnipro va Xarkivga uchuvchisiz uchoqlardan yirik zarba berdi. Dnipropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati raisi Sergey Lisakning so‘zlariga ko‘ra, Dniproda 18 yoshdan 87 yoshgacha bo‘lgan 14 kishi jabrlangan. Ularda kesilgan jarohatlar, ko‘karishlar va bosh miya jarohatlari borligi aniqlangan. Ba’zilar og‘ir stress tufayli yordamga muhtoj.

Yarador ayollardan birining ahvoli og‘ir, qolganlarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, jabrlanganlarning yarmi kasalxonaga yotqizilgan, dedi OHM rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, UUA hujumi natijasida shaharda yong‘inlar sodir bo‘lgan, shaxsiy uylar va avtomobillarga zarar yetgan.

Dnipro meri Boris Filatovning aniqlik kiritishicha, turar joy binolari yana hujumga uchragan — ko‘p qavatli uylarning kamida ikki yuzta oynasi singan.

Xarkivda dronlarning zarbalari shaharning kamida to‘rtta tumani va uning atrofida qayd etilgan. Shahar meri Igor Terexovga ko‘ra, ikki kishi jarohat olgani ma’lum. Shuningdek, u Xarkivda 20 dan ortiq dron uchirilgani, ulardan 17 tasi shaharning janubiy qismidagi yong‘inlar sodir bo‘lgan Osnovyanskiy tumaniga zarba bergani haqida xabar berdi.

Mavzuga oid