O‘zbekiston | 22:02 / 10.04.2025
3754
5 daqiqa o‘qiladi

10 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Samarqandda stadionda bezorilik qilgan haydovchi, o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan tik-toker, ishdan olingan giyohvand amaldor va aprelning qolgan kunlaridagi ob-havo kutilmalari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Samarqandda haydovchi odamlar ustiga haydadi

Nurobod tumanida Nexia haydovchisi maktabdagi futbol maydoniga mashinasini haydab chiqib, odamlar tomon harakatlangan. Viloyat YHXB ma’lumotiga ko‘ra, yigit jamoasi yutqazganidan alamlanib, stadionga haydab kirgan. Hodisa maktab hovlisidagi futbol o‘yini paytida sodir bo‘lgan.

Haydovchi va avtomobil topilgan, unga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. E’lon qilingan videoda u qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan va uzr so‘ragan.

YHXX Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi — «bezorilik» bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va u hibsga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Sirdaryo viloyatida ham shunga o‘xshash hodisa kuzatilgan edi. O‘shanda haydovchi 4,5 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, uning Captiva avtomobili jinoyat quroli deb topilib, davlat hisobiga musodara qilingan edi.

O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Abdulloh nomi bilan tanilgan Valeriy Yugay qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi ma’lum qildi.

Yugay 2024 yilning oktyabr–noyabr oylarida Janubiy Koreyada bo‘lgan paytida o‘z sahifalari orqali o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan, milliy qadr-qimmatni pastga urib, diniy e’tiqod bo‘yicha kamsituvchi so‘zlar ishlatgan. Bu chiqishlar millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.

25 mart kuni u Abu-Dabi–Samarqand reysi orqali O‘zbekistonga olib kelinib, huquq-tartibot organlari tomonidan protsessual tartibda qo‘lga olingan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksi asosida ish qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Andijonda amaldor giyohvandlik uchun ishdan olindi

Andijon shahri Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi rahbari hamda uning o‘rinbosari ishdan olindi. Sabab — boshliq ish joyida giyohvand modda iste’mol qilgani aks etgan suratlarning internetda tarqalishi bo‘ldi. Bu haqda viloyat boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Suratlarda amaldagi rahbar ish vaqtida xizmat xonasida maxsus qo‘lbola uskuna yordamida giyohvand modda tortayotgani tasvirlangan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbir davomida undan 0,69 gramm gashish moddasi olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari boshlangan. Har ikki amaldor bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Aprelda rekord issiqlik va sel xavfi

Aprel oyining ikkinchi yarmida O‘zbekistonda havo harorati rekord darajada isib, ba’zi hududlarda sel va toshqin xavflari yuzaga kelishi kutilmoqda. Ayniqsa, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuchli yomg‘ir, chaqmoq va hattoki do‘l kuzatilishi mumkin, dedi iqlimshunos Eron Abdulahatov.

11–13 aprel kunlari ko‘p hududlarda harorat +36 darajagacha ko‘tariladi. Bu aprel uchun kuzatuvlar tarixida qayd etilmagan issiqlik hisoblanadi. Kechqurun ham issiqlik saqlanib turadi.

12 apreldan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmda salqinlik kirib kelishi kutilyapti. Harorat +20 daraja atrofida pasayishi mumkin. Vodiy va Toshkentda esa harorat me’yordan 8–12 daraja yuqori bo‘ladi.

Mutaxassislar aprel uchun noxos bo‘lgan issiqlik ortidan sovuq urishi xavfini ham inkor etmayapti. Qishloq xo‘jaligi uchun xavotirli vaziyatlar kuzatilishi mumkin.

Meva-sabzavot eksportchilariga imtiyozlar berildi

Prezident qaroriga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi va qadoqlab realizatsiya qiladigan tadbirkorlarga 2028 yil 1 yanvargacha soliq imtiyozlari beriladi.

Foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilanadi. Bu imtiyozdan foydalanish uchun ish haqi eng kam miqdorning kamida ikki baravari bo‘lishi va tushumning yarmi zamonaviy qadoqlangan mahsulotlardan tushishi shart.

2025 yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 3,5 mlrd dollarga yetkazish, 8 ta davlatda yangi ruxsatnoma olish va 2,1 mln tonna mahsulot uchun qadoq loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2027 yil 1 aprelgacha dukkakli mahsulotlar uchun uskunalar importida 1 foizlik bojxona stavkasidan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid