Jahon | 08:31 / 10.04.2025
3772
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina AQShdan 50 mlrd dollarlik qurol sotib olmoqchi

Ukraina 30, hatto 50 mlrd dollar evaziga Amerikadan havo hujumidan himoya vositalari va boshqa qurol-yarog‘larni sotib olishga tayyor, dedi Ukraina rahbari. 

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan uchrashuvda bayonot berdi, deb xabar bermoqda RBK-Ukraina.

Zelenskiyning fikricha, Ukraina AQShning avvalgi prezidenti Jo Bayden tomonidan ma’qullangan harbiy yordam paketini to‘liq ishlatib bo‘lmagan.

«Bayden davridagi yordam haqida. Aniq muddatlarni eslay olmayman, rostini aytsam. Menimcha, yordam doimiy ravishda belgilangan biror muddatga bog‘lanmasdan kelayotgandi. Shuning uchun buni vaqt bilan bog‘lashga zaruriyat yo‘q edi. Bu yerda mablag‘ miqdori muhim. U to‘liq ishlatildimi? Yo‘q. Biz hanuz tayanadigan resurslar bor», — dedi Zelenskiy.

Shu bilan birga, u Ukraina Amerika tomoniga qo‘shimcha yordam paketi uchun rasmiy so‘rov yuborganini ma’lum qildi. Ukraina ushbu paketni xarid qilishni xohlaydi.

«Biz Amerika tomoniga yirik bir paketni taqdim etdik — biz uni sotib olmoqchimiz. Qanday shaklda bo‘lmasin. Unga to‘lovni qanday oshirishimiz bizning format, o‘zimiz hal qilamiz», — dedi prezident.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, AQShdan kutilgan kelgusi harbiy yordam paketini Ukraina bepul so‘ramagan.

«Biz buni xavfsizlik kafolati sifatida ham ko‘ramiz. Biz bu yordamni xavfsizlik kelishuviga bog‘lashni xohlaymiz. Juda oddiy: bizga paket beringlar — biz to‘laymiz. Bu paketda HHH tizimlari va bizga zarur bo‘lgan boshqa vositalar bor. Biz ushbu yordamni xavfsizlik kafolati deb hisoblaymiz. Bu narsalar bir-biriga shu tarzda bog‘liq», — dedi u.

Davlat rahbari ma’lum qilishicha, u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan havo hujumidan himoya vositalari to‘g‘risida gaplashgan va undan 10 mlrd dollarlik mudofaa vositalarini sotishni so‘ragan.

«Men unga telefon orqali shunday dedim: hech bo‘lmasa 10 mlrd dollarlik paket bering. Bu himoya — urush tugaganidan keyingi yordamdir, xavfsizlik kafolatidir, chunki Ukraina osmon HHH tizimlari bilan yopilgan bo‘ladi. Biz turli formatlarga, turli vositalarga tayyormiz. Biz 30, hatto 50 milliard dollar topishga ham tayyormiz», — deb ta’kidladi Zelenskiy.

Mavzuga oid