Jahon | 05:20 / 11.04.2025
5268
8 daqiqa o‘qiladi

Putin prezident ekan harbiy jinoyatlar uchun sirtdan sud qilinmaydi - Euronews

G‘arb davlatlari Ukrainaga qarshi bosqinchilik harakatlarini tergov qilish uchun tashkil etishni rejalashtirayotgan Maxsus tribunal Haagaga joylashtiriladi. Ammo sud Vladimir Putin Rossiya prezidenti lavozimida ekan, uni sirtdan sud qilmaydi.

Foto: Sputnik

G‘arb davlatlari Ukrainaga qarshi bosqinchilik harakati uchun javobgarlikka tortish maqsadida tashkil etishni rejalashtirayotgan Maxsus tribunal Vladimir Putin Rossiya prezidenti lavozimida ekan uni sirtdan sud qilmaydi. Euronews bilan suhbatda bo‘lgan ikki nafar yevropalik manbaning ma’lum qilishicha, ushbu qoida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ham taalluqli.

Yuqori lavozimli mazkur shaxslarga nisbatan sudlov faqat ular sud zalida shaxsan ishtirok etgandagina amalga oshirilishi mumkin — buning esa ehtimoli juda kam, chunki Rossiya Ukrainaga nisbatan bosqinini jinoyat deb tan olmaydi va G‘arb bilan hamkorlik qilishga qattiq qarshilik ko‘rsatadi.

Variantlardan biriga ko‘ra, Putin prezidentlik lavozimidan ketgandan keyingina uni sirtdan sud qilish mumkin.

Bunday shartlar Strasburgda joylashgan Yevropa Kengashi doirasida Maxsus tribunalni yaratish uchun huquqiy asos bo‘ladigan kelishuv loyihasida aks etgan. Ushbu tashkilot Yevropa Ittifoqi tarkibiga kirmaydi, ammo blok bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.

Texnik ishlar mart oxirida Strasburgda bo‘lib o‘tgan «Asosiy guruh» uchrashuvida yakunlangan va uchta alohida hujjat loyihasi tayyorlangan:

  • Ukraina va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuv,
  • Maxsus tribunal ustavi,
  • va Maxsus tribunalni boshqarish tartibini belgilaydigan kelishuv.

Imzolash jarayoni 9 may kuni Kiyevda bo‘lib o‘tishi kerak, ushbu sanada Yevropa kuni nishonlanadi, biroq aniq muddatlar siyosiy kelishuvlarga bog‘liq.

YeI vakiliga ko‘ra, sirtdan sud qilishga qo‘yilgan cheklovlar ayrim davlatlar orasidagi murosaga asoslangan. Bir necha oylik muhokamalardan so‘ng bu band «aniq hal etilgan masala» sifatida qabul qilingan va uni o‘zgartirish ehtimoli juda kam.

«Axir gap siyosat va muzokaralar haqida ketmoqda», — deydi manba.

Kiyev kelishuvni imzolagandan so‘ng, u 46 mamlakat vakillarini o‘zida jamlagan Yevropa Kengashi Parlament assambleyasida ovozga qo‘yiladi. Rossiya urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay ushbu tashkilotdan chiqarib yuborilgan.

Kelishuvni ratifikatsiya qilish uchun ovoz beruvchilarning uchdan ikki qismi uni yoqlashi kerak, bu esa tashabbus keng qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli deyarli kafolatlangan.

Rossiyaga nisbatan iliq munosabatda bo‘lgan ba’zi davlatlar, masalan, Vengriya va Serbiya — betaraf qolishi yoki qarshi ovoz berishi mumkin, ammo individual veto qo‘llanilmaydi.

Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiya kabi demokratiyaga asoslangan, lekin Yevropadan tashqarida joylashgan davlatlar tashabbusga qo‘shilishi kutilmoqda — bu esa uning legitimligini oshiradi.

Rossiya bilan yaqinlashuvni boshlagan AQSh mazkur tribunalda ishtirok etmasligi mumkin. Jo Bayden ma’muriyati davrida AQSh Ukrainada adolatni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlagan, ammo Donald Tramp inauguratsiyasidan so‘ng mamlakatning yo‘nalishi o‘zgargan.

AQSh mart oxirida bo‘lib o‘tgan «Asosiy guruh» uchrashuvida ishtirok etmagan. Trampning tinchlik kelishuviga intilishi sud jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha noma’lum.

«38 dan ortiq davlat va Yevropa Ittifoqi tribunal tashkil etish tashabbusini siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi», — dedi Yevropa Kengashi vakili Euronews nashriga.

Rasmiylar so‘zlariga ko‘ra, kelishuvlar ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, tribunal Haagada (Niderlandiya) joylashadi. Bu shahar xalqaro huquq an’analariga ega bo‘lib, u yerda bugungi kunda Xalqaro sud va Xalqaro jinoyat sudi (XJS) faoliyat yuritmoqda.

Xalqaro jinoyat sudi ayni paytda Putinga nisbatan ukrain bolalarini noqonuniy ravishda Rossiyaga olib o‘tish bilan bog‘liq ayblov bo‘yicha hibsga olish orderini bergan.

Adolat izlab

Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyati bo‘yicha Maxsus tribunal yaratish g‘oyasi prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Bu Putin boshlagan to‘laqonli urush uchun javobgarlikni ta’minlash maqsadida qilinmoqda.

Harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid – bu jinoyatlar fuqarolar yoki harbiylar tomonidan sodir etiladi, lekin bosqinchilik jinoyati davlat rahbariyatiga daxldor. U davlatni boshqaradigan yoki uning harbiy-siyosiy harakatlarini nazorat qiluvchi shaxs tomonidan sodir etiladi.

Bosqinchilik deganda bevosita bostirib kirish, okkupatsiya, anneksiya, portlarni o‘rab olish yoki boshqa qurolli hujum kabi harakatlar tushuniladi.

Xalqaro jinoid sud ta’rifiga ko‘ra, bosqinchilik jinoyati — «bir davlatning yuqori lavozimdagi shaxsi tomonidan BMT nizomiga zid ravishda rejalashtirilgan, tayyorlangan, boshlangan yoki amalga oshirilgan akt bo‘lib, u o‘zining xususiyati, jiddiyligi va ko‘lami bilan ochiq-oydin nizomni buzish hisoblanadi».

Bu esa Vladimir Putinni kelajakdagi sud jarayonida katta ehtimol bilan ayblanuvchiga aylantiradi.

XJS bosqinchilik jinoyati yuzasidan yurisdiksiyani belgilagan bo‘lsa-da, bu faqat Rim statutiga qo‘shilgan mamlakatlarga va ularning fuqarolariga taalluqli. Rossiya, AQSh va Xitoy ushbu hujjatni imzolamagan. Aynan shu sababli G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha sud ishlarini yuritish vakolatiga ega bo‘lgan Maxsus tribunalni tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

«Bosqinchilik jinoyati bo‘lmaganida, harbiy jinoyatlar ham bo‘lmas edi. Shu sababli, bosqinchilik uchun ham javobgarlik bo‘lishi juda muhim. Rossiyadagi biror shaxs va uning rahbariyatidan bo‘lgan biror kimsa daxlsiz emas», — deydi Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas fevral oyi boshida.

«Jinoyatlarning jazosiz qolishi keyingi bosqinchilik harakatlarini rag‘batlantirishga olib keladi», — deydi u. Shuningdek, Kallas tribunal «urush tugagunga qadar» tashkil etilishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Muhokamalar boshlanishi bilanoq sirtdan sud jarayonini o‘tkazish ehtimoli juda yuqori edi.

Kreml o‘zining yuqori lavozimli amaldorlarini topshirishdan bosh tortgani tufayli, ushbu modelni qo‘llab-quvvatlovchilar — bu minimal adolatni ta’minlashning yagona real yo‘li deb hisoblamoqda. Boshqa tarafdan esa tanqidchilar bunday sud jarayonini qonuniy kuchga ega bo‘lmagan soxta harakat deb baholayapti.

«Menimcha, ushbu tribunal faqat ramziy emas. U yuridik va siyosiy ahamiyatga ham ega, deb o‘ylayman. U tashkil etilishi va bosqinchilik jinoyati uchun mavjud bo‘lgan huquqiy bo‘shliqni yopishi kerak. Men shaxsan ishonamanki, bu Haagada hech qanday ta’sir doirasiga ega bo‘lmagan va soxta institut emas, balki uzoq yillar davomida xizmat qiladigan va tarix tomonidan ijobiy baholanadigan tribunal bo‘ladi», — deydi YeI vakili.

Davlat rahbarlari, hukumat boshliqlari va tashqi ishlar vazirlari egallaydigan daxlsizlik (immunitet) yuzma-yuz sud jarayonini amalga oshirishda qo‘shimcha va jiddiy to‘siq hisoblanadi.

«Biroq, xalqaro huquq rivojlanmoqda va shaxsiy immunitet jazodan qutulish uchun cheksiz kart-blansh emas. Yevropa Kengashi ushbu masala bo‘yicha Maxsus tribunal uchun topilgan formula javobgarlikni ta’minlash va jazosizlikka qarshi kurashish uchun yetarli, deb hisoblaydi», – deydi Yevropa Kengashi matbuot kotibi.

Bosqinchilik jinoyati uchun so‘nggi marta ayblov Ikkinchi jahon urushida, Nyurnberg sud jarayonida qo‘llanilgan. O‘shanda Germaniya natsistlari «tinchlikka qarshi jinoyatlar» sodir etganlikda ayblangan.

Mavzuga oid