O‘zbekiston | 13:00 / 19.04.2025
4122
2 daqiqa o‘qiladi

Burger King yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi

Dunyodagi yirik fastfud restoran tarmoqlaridan biri - Burger King yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu haqda 18 aprel kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yangi loyiha haqida ma’lumot bergan International Beverages Tashkent kompaniyasi asoschisi Shuhrat Ergashevning ta’kidlashicha, Burger Kingning mamlakatga kirishi yaqin oylarda amalga oshiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus nafaqat iste’molchilar uchun yangi tanlov imkonini, balki qo‘shimcha ish o‘rinlari va investitsiya jalbini ham ta’minlaydi.

Ma’lumot o‘rnida, International Beverages Tashkent — Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush, Lipton va Rockstar kabi brendlarni ishlab chiqaruvchi, PepsiCo kompaniyasining Markaziy Osiyodagi yetakchi bottlerlaridan biri hisoblanadi.

Kompaniya energiya tejamkor texnologiyalar, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va barqaror rivojlanishga e’tibor qaratib kelmoqda.

International Beverages Tashkent korxonalarida ISO 9001 va ISO 45 000 xalqaro sifat menejmenti tizimlari, shuningdek, FSSC 22000 sertifikatlash sxemasi joriy etilgan bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan ichimliklar oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi bo‘yicha xalqaro standartlar tizimiga moslashtirilgan.

Bundan tashqari, kompaniya 2024 yilda “Yilning yirik soliq to‘lovchisi” nominatsiyasi bo‘yicha Uzbekistan Business Awards mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ushbu mukofot International Beverages Tashkent’ning O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi.

Kompaniya, shuningdek, ijtimoiy tashabbuslar, yoshlar loyihalari va sportni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratadi. Bugungi kunda korxonalarda asosan yosh mutaxassislar mehnat qilmoqda va ular uchun qulay ish sharoiti hamda kasbiy o‘sish imkoniyatlarini yaratib kelyapti.

Mavzuga oid