21 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Mukofotga sazovor bo‘lgan chempionlar, Andijon shahriga yangi hokim, Samarqandga kelayotgan Italiya bosh vaziri, Buxoroda ichki ishlarda ishdan olishlar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident chempion futbolchilarni tabrikladi va mukofotladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida g‘olib chiqqan O‘zbekiston jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.
«Sizlar kabi navqiron, azm-u shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Sizlar ushbu g‘alabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham Osiyoning g‘olib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz deb ishonaman», — deyiladi prezident tabrigida.
Shuningdek prezident farmoni asosida O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni bilan;
O‘zbekiston U17 terma jamoasining 23 nafar futbolchilari — «Kelajak bunyodkori» medali bilan;
«Sport» telekanali sharhlovchilari Otabek Jo‘rayev va Orif Tolipov — «Shuhrat» medali bilan mukofotlanishdi.
Shuningdek, futbolchilarga (ularning otalari uchun) Cobalt, murabbiylarga esa Tracker avtomobillari berildi.
Andijonga yangi shahar hokimi tayinlandi
Andijon shahri hokimi almashdi. 19 aprel kuni shahar rahbari bo‘lib ishlab kelgan G‘ofurjon Abdurahmonov ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini taqdim etgan, viloyat hokimligi uning arizasini qabul qildi.
Uning o‘rniga Izboskan tumani hokimi lavozimida ishlagan Karimov Elyorbek Rahmatillayevich Andijon shahar hokimi etib tayinlandi.
Yangi hokim 1986 yilda Izboskan tumanida tug‘ilgan, 2008 yilda Andijon qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan.
Elyorbek Karimov moliya va investitsiya sohalarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2023 yil dekabridan buyon esa Izboskan tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.
G‘ofurjon Abdurahmonovning ishdan ketish sababi rasman ochiqlanmagan. Daryo.uz manbasiga ko‘ra, shahar bandlik bo‘limi rahbarining ish joyida psixotrop modda iste’mol qilgani bu qarorga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Jorjia Meloni Samarqandga tashrif buyuradi
Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni 25–26 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda Italiya hukumati rasmiy sayti orqali ma’lum qildi. Uchrashuvlar Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tashrif davomida ikki tomonlama aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik va investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot va ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama etilishi mumkin.
Melonining O‘zbekistonga tashrifi Qozog‘istonga safaridan bir kun oldin amalga oshmoqda. 26–27 aprel kunlari u Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashadi.
27 aprel kuni esa Ostona shahrida ilk marta «Markaziy Osiyo–Italiya» sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik masalalari muhokama qilinadi.
Buxoroda ichki ishlardagi ishdan olishlar
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Buxoro viloyatida o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibi, yo‘l harakati xavfsizligi va fuqarolar murojaatlariga munosabat tanqidiy muhokama qilindi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, xizmatda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Buxoro viloyati IIB va tumanlarida faoliyat yuritgan qator rahbarlar ishdan olindi. Ular orasida viloyat IIB tergov boshqarmasi va huquqiy statistika rahbarlari, G‘ijduvon va Kogon tumanlari hamda Buxoro shahridagi IIB mas’ullari bor.
Shuningdek, yana bir nechta rahbarga intizomiy jazo tayinlandi. Yig‘ilishda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Moddiy-texnik ta’minot va xizmat sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Rasul Kusherbayev IIBga chaqirildi
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev 19 aprel kuni Yangiyo‘l tumani IIBga chaqirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, telefoni «ish uchun ahamiyati bo‘lmasa-da» olib qo‘yilgan. Toshkent viloyati Ichki ishlar Bosh boshqarmasi holatga izoh berib, Rasul Kusherbayev fuqaro arizasi asosida chaqirilganini ma’lum qildi.
Arizada u ijtimoiy tarmoqlarda haqorat qiluvchi post qoldirgani bayon qilingan. Tergovga qadar tekshiruv doirasida Kusherbayev qonunda belgilangan tartibda so‘roq qilingan, telefoni esa Jinoyat-protsessual kodeksining 157 va 159-moddalari asosida ko‘zdan kechirilgan.
Kusherbayevning bildirishicha, ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan tanqidiy fikri yuzasidan kimdir o‘zini haqoratlangan deb hisoblab, ariza yozgan. U telefoni ichki ishlar xodimlari tomonidan olib qo‘yilishini asossiz deb hisoblamoqda.
IIBB esa barcha harakatlar qonuniy asosda amalga oshirilayotganini qayd etdi va jamoatchilikni asossiz ma’lumot tarqatmaslikka chaqirdi.
Harorat 33 darajagacha ko‘tariladi
O‘zbekistonda bu hafta havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, dam olish kunlarida kuzatilgan salqinlikdan so‘ng, dushanba va seshanba kunlari ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Boshqa kunlarda ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz kechadi.
21 aprelda havo +20…+25 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Ish haftasi oxiriga kelib harorat +25…+30 darajaga, ayrim joylarda +31…+33 darajagacha ko‘tariladi. 24–25 aprel kunlari shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqini xavfi saqlanib qolmoqda.
Mavzuga oid

22:39 / 18.04.2025
18 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:37 / 17.04.2025
17 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:07 / 16.04.2025
16 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:43 / 15.04.2025