23 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni, aksiyalari sotuvga chiqarilgan UzAuto Motors va UzGTL, Samarqandga kelgan Lavrov hamda davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga 5 yillik moratoriy — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Lavrov bilan Samarqandda o‘tkazilgan muzokaralar
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rasmiy tashrif bilan Samarqandga keldi. Uning tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, muloqotda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, tovar ayirboshlash, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida Sergey Lavrov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
2025 yilda xususiylashtirish keng quloch yozadi
Prezident farmoniga ko‘ra, 2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilindi.
Shuningdek, bozorlar va savdo majmualarida mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi talabi bekor qilindi.
2025 yilda 30 trln so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalari sotilishi, 10 trln so‘m tushum olinishi belgilandi. Shuningdek, 115 ta jamiyatdagi davlat ulushlari, 659 ta ko‘chmas mulk va 6,1 ming gektar yer savdoga chiqariladi.
Qo‘shimcha ravishda, kamida 30 ta foydali qazilma konlari auksionga qo‘yiladi. Mohiyatli yangilik sifatida 2030 yilgacha davlat ishtirokidagi yangi korxonalar tashkil etilishiga moratoriy joriy qilindi.
10 ming metr kvadratgacha bo‘lgan davlat obektlari yuqori texnologiyali ishlab chiqarish yo‘nalishidagi tadbirkorlarga 5 yilgacha tekin foydalanishga beriladi. Shartlar bajarilsa, obekt baholangan qiymatda sotiladi.
UMS, UzAuto Motors aksiyalari sotuvga chiqariladi
Prezident qaroriga muvofiq, davlat ishtirokidagi yirik korxonalardagi aksiyalar paketi xalqaro va mahalliy bozorlarda ommaviy savdolarga chiqariladi. Bu jarayonga xalqaro miqyosdagi konsalting kompaniyalari jalb etiladi.
Qarorga ko‘ra, 29 ta yirik korxona ustav kapitalidagi ulushlar ommaga taklif etiladi. Shundan 12 tasi xalqaro va mahalliy fond bozorlarida IPO yoki SPO shaklida amalga oshiriladi.
Sotuvga chiqariladigan korxonalar qatorida UMS, UzAuto Motors, Uzbekistan GTL, O‘zagrosug‘urta, Toshkent traktor zavodi va issiqlik elektr stansiyalari bor.
Shuningdek, 2025 yil 1 dekabrgacha davlat korxonalarini 2030 yilgacha isloh qilish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Ijaraga berilmagan mulk narxi tushiriladi
Prezidentning 2025 yil uchun xususiylashtirish dasturiga oid farmoniga ko‘ra, auksionda 6 oy davomida ijaraga berilmagan davlat mulki obektlari boshlang‘ich narxi 50 foizga pasaytiriladi.
Agar bunda ham ijaraga berilmasa, auksion 1 ishtirokchi bilan ham o‘tkazilgan deb hisoblanadi. Shuningdek, ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab 1 oy ichida yillik to‘lovni amalga oshirgan tadbirkorga asosiy stavka miqdorida chegirma beriladi.
Farmonga muvofiq, 1 iyuldan boshlab Savdo-sanoat palatasi davlat mulki obektlarini elektron auksionga chiqarish arizalarini mustaqil taqdim etish huquqiga ega bo‘ladi.
Tashkilotlar tugatilayotganda ularning soliq va penyalari to‘xtatiladi. 1 oktyabrdan egasiz mulk obektlari davlat ro‘yxatiga faqat sud orqali olinadi.
O‘zini o‘zi band qiluvchi rieltorlik
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Loyihaga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga «ko‘chmas mulk bo‘yicha agent» sifatida rasmiy rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqi berilishi mumkin.
Bu orqali xufiyona faoliyat yurituvchi maklerlar legallashtirilishi, yashirin iqtisodiyot qisqartirilishi va rieltorlik xizmatlarining shaffofligi oshirilishi maqsad qilingan.
Shuningdek, elektron savdolar, onlayn hisob-kitob tizimlari va «Yagona reyestr» axborot bazasi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu sohadagi professional birlashmalarning vakolatlari ham kengaytiriladi.
Qonun rieltorlik bozorini rasmiylashtirish va sifatni oshirishga qaratilgan.
Mavzuga oid

22:15 / 22.04.2025
22 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:55 / 21.04.2025
21 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:39 / 18.04.2025
18 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:37 / 17.04.2025