Jahon | 18:19 / 23.04.2025
1929
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda terrorizmda gumonlanib hibsga olinganlar soni 655 foizga oshdi

Qo‘lga olinganlar orasida Hindistonda granata bilan politsiya uchastkasiga hujum tashkillashtirgan shaxs ham bor.

Foto: REUTERS

AQSh hukumati 20 yanvardan beri o‘tkazilgan ommaviy reydlar davomida terrorizmda gumonlangan 219 kishini hibsga oldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 655 foizga ko‘p, deb xabar beradi The New York Post.

Ichki xavfsiz vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, Hindiston fuqarosi Xarprit Singx ham hibsga olingan. U AQSh chegarasini 2022 yil 27 yanvarda Meksika orqali noqonuniy kesib o‘tgan va sud jarayonlari sanasi belgilanganidan keyin chegarachilar tomonidan qo‘yib yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, Xarprit Singx Hindistonda moliyaviy terrorizm, yollash va granatadan foydalangan holda politsiya uchastkasiga hujum tashkillashtirishda ayblanmoqda hamda qidiruvga berilgan. Shuningdek, u Panjobda sobiq politsiyachini o‘ldirish va qo‘rqitish maqsadida uning uyiga hujum ham qilgan.

Ichki xavfsizlik vaziri yordamchisi Trish Maklaflinning qayd etilishicha, sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati Singxning ozodlikka chiqarilishida aybdor.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan taxminan bir oy ichida mingdan ortiq chet ellik talabaning huquqiy maqomi va vizalari bekor qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bu holatdan eng ko‘p Hindiston va Xitoy fuqarolari zarar ko‘rgan.

Mavzuga oid