O‘zbekiston | 16:18 / 01.05.2025
4291
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat tibbiyot universitetiga rektor tayinlandi

Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat Boymuradov yangi lavozimga tayinlandi.

Foto: Oliy ta’lim vazirligi

Prezidentning 2025 yil 23 apreldagi qaroriga asosan, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori lavozimiga Shuhrat Abdujalilovich Boymuradov tayinlandi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Yangi universitet tibbiy kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga ixtisoslashgan zamonaviy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Universitet uchta tibbiyot oliy ta’lim muassasasini birlashtirgan holda faoliyat yuritadi. Unda xalqaro talablarga javob beradigan ta’lim muhiti, zamonaviy moddiy-texnika bazasi, ilg‘or boshqaruv tizimi, transformatsiya ofisi hamda xalqaro akkreditatsiyani amalga oshiruvchi milliy markaz tashkil etiladi.

Shuningdek, xalqaro mutaxassislar jalb etilishi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan yangilash, moddiy-texnika ta’minotini kuchaytirish va ta’lim sifatini baholash mexanizmlarini joriy etish belgilangan.

Yangi tashkil etilgan universitetga rektor deb tayinlangan Shuhrat Boymuradov shu kunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid