O‘zbekiston | 21:19 / 03.05.2025
8487
7 daqiqa o‘qiladi

9 may bayrammi yoki motam? Bu kunning mazmuni qanday?

SSSR Ikkinchi jahon urushini bevosita boshlagan bosqinchi davlat edi. Markaziy Osiyo xalqlari esa Yevropadagi qirg‘inbarotga majburan, o‘z erkiga zid ravishda tortilgan. Bu urush zo‘ravon sovet mafkurasini legitimlashtirib, milliy mustaqilligimizni bir necha o‘n yilga kechiktirdi. Shu ma’noda, O‘zbekiston uchun 9 may – urushda halok bo‘lgan yarim million vatandoshni xotirlash va bugungi tinchlikni qadrlash kuni.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Har yili 9 may yaqinlashaverishi bilan post-sovet mintaqasidagi mustaqil davlatlarda, Markaziy Osiyo respublikalarida, jumladan O‘zbekistonda ham fikrlar va qarashlar to‘qnashuvini kuzatish mumkin.

Biz uzoq muddat sobiq SSSRning tarkibida bo‘ldik. 1945 yildan to 1991 yilga qadar 9 may – katta bayram edi. SSSRning dunyo hokimiyatiga chiqish bayrami edi. SSSR va uning tarafdorlari uchun eng muhim voqea va bayram edi. Boshqalar ustidan qozonilgan g‘alaba, va SSSRni jipslashtirgan xodisa edi.

Biroq, O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, barcha voqea va xodisalarga aynan mustaqillik prizmasi orqali qarash, har bir o‘zbekistonlik va o‘zbekning nigohi, erki va qadr-qimmati nuqtayi nazaridan qarash kerak edi. Shuning uchun ham O‘zbekiston, ko‘plab davlatlar qatori, 9 mayga o‘zining konseptual qarashini o‘zgartirdi, aniqrog‘i, o‘z munosabatini tarixiy jarayonlarga nisbatan adolatli va xolis shakllantirdi. Xo‘sh, bu qanday munlsabat?

Birinchidan, Ikkinchi jahon urushi – bu O‘zbekistonning, o‘zbeklarning urushi emas edi. Biz o‘z erkimizga zid ravishda, birinchi va ikkinchi jahon urushlariga majburan tortildik. Sababi, Chor Rossiyasi va keyinroq SSSR tomonidan mustamlaka qilingan edik. Yevropadagi qudratli davlatlar va imperiyalar o‘rtasida paydo bo‘lgan urushga, ularning mustamlakalari ham tortilaverdi.

Ikkinchi jahon urushini ikki totalitar davlat, Gitler Germaniyasi va Stalin SSSRi o‘zaro til biriktirib boshlagan edi. Ular 1939 yilda Polshani bo‘lib olgan, Yevropada o‘zaro ta’sir doiralarini kelishib olgan. Biroq, bu totalitar davlatlarning ertami-kechmi o‘zaro urushi muqarrar edi. Shunday bo‘ldi ham. Gitler Germaniyasi SSSRga ham bostirib kirdi. Ya’ni, aslida bu urushda SSSR begunoh va beayb emasdi, u urushni bevosita boshlagan davlatlardan biri, ya’ni o‘zi ham bosqinchi edi.

Ikkinchidan, Ikkinchi jahon urushi bizning mustaqilligimizni ancha ortga surdi. 1917 yilda Rossiya hokimiyatiga bolsheviklar kelgach, ular Turkistonni parchalab, o‘zbeklarni va boshqa mahalliy xalqlarni agressiv assimilyatsiya qilish siyosatini boshladi. Bunga javoban turkistonlik, o‘zbekistonlik ajdodlarimiz o‘z erki, milliy va diniy o‘zligi uchun kurashga otlanishdi. Bolsheviklar, sovetlar bu qarshilik qilgan ajdodlarimizni “bosmachilar” deya, yomonotliq qilishga urinishdi. Bu qarshlik harakati urush boshlangan 1941 yilga qadar davom etdi. Bu vaqtda O‘zbekiston xalqining Moskvaga, SSSRga nisbatan begonalashuv darajasi yuqori edi. Ikkinchi jahon urushi sabab, o‘zbeklar, mahalliy xalqlar katta balo kelganda kichikroq baloga bo‘lgan e’tiborni pasaytirishdi. Gitler Germaniyasiga qarshi turish va kurashish uchun, ajdodlarimiz o‘z jonlari, mollari va mehnatlari bilan ishtirok etishdi.

Agar Ikkinchi jahon urushi bo‘lmaganida, sobiq SSSR 1990-yillarda emas, ancha oldin, balki 1950-, 60- yoki 70-yillarda parchalanib ketgan bo‘lar edi. SSSRning ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozonishi SSSRning umrini uzaytirdi, xalqaro maydonda obro‘yini oshirdi, repressiv kommunizmni legitimlashtirdi. SSSR ichidagi tarqoqlikka moyillik yo‘qoldi. Hamma birlashib, Gitler Germaniyasiga qarshi kurashdi. Bu urush natijasida SSSR haqiqatda birlashgan davlatga aylandi. Ya’ni, bu urush O‘zbekistonning mustaqilligini kamida 20-30 yilga kechiktirdi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, 9 mayni “Xotira va qadrlash kuni” deya nomladi. Bu – urushda o‘tgan ajdodlarimizni xotirlash va hali tirik bo‘lgan urush qatnashchilarini qadrlash kunidir. Ya’ni 9 may mohiyatan g‘alaba kuni emas, bayram kuni emas. Bu – motam kuni. Ikki sababga ko‘ra, motam kuni. Birinchi sabab – yuz minglab O‘zbekiston xalqining mard o‘g‘lonlari, ajdodlarimiz qurbon bo‘lishdi. Ikkinchi sabab, O‘zbekistonning milliy mustaqilligi ancha kechikkani uchun, SSSRning umri cho‘zilgani uchun, shu cho‘zilgan SSSRda o‘zbeklarga nisbatan “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” kabi juda katta repressiv kampaniyalarga sababchi bo‘lgani uchun ham, bu kun motam kunidir.

Agar bu urush bo‘lmaganida SSSR sharqiy va markaziy Yevropaga kengaymas edi, SSSR dunyodagi ikkinchi qudratli geosiyosiy qutb bo‘la olmas edi. Sovuq urush ham ancha tor va kichik masshtabda bo‘lishi mumkin edi. SSSR ham ancha oldin tarqab ketgan bo‘lar edi.

9 mayni Xotira va qadrlash kuni deya eslash bilan birga, dunyodagi, mintaqamiz atrofidagi geosiyosiy zo‘riqishlarni inkor qilmaslik kerak. Bu siyosiy realizmning talabi. Bir tomondan milliy mustaqillik siyosatini to‘liq amalga oshirish, ikkinchi tomondan milliy mustaqillikni saqlash va parvarishlab borish siyosati.

Markaziy Osiyo prezidentlari, jumladan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni Moskvaga borishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo hozirgi globar kurashda, to‘qnashuvlarda o‘zini na aksil-Rossiya, na rossiyaparast sifatida ko‘rsatish niyatida emas. Rossiyaga nishon bo‘lmaslik uchun, Moskvaga borib 2 soat o‘tirib kelish muhim bo‘lsa, buni Markaziy Osiyo davlatlari albatta qilishadi. Va bu, siyosiy realizm nuqtayi nazaridan, hozirgi ancha agressiv bo‘lgan Moskva bilan to‘qnashmaslik uchun, o‘rinli taktika sifatida ko‘riladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid