O‘zbekiston | 20:58 / 07.05.2025
3346
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston tomoni Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlashib borayotgan holatning rivojlanishini xavotir bilan kuzatayotganini qayd etdi.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik bo‘yicha bayonot berdi.

«O‘zbekiston tomoni Hindiston va Pokiston o‘rtasida keskinlashib borayotgan vaziyat rivojini xavotir bilan kuzatmoqda. Ikkala tomonni vazminlikka chaqiramiz, tinchlik va barqarorlik manfaatlari asosida harakat qilish, vaziyatning yanada yomonlashishining oldini olish maqsadida diplomatik muloqotga ustuvor ahamiyat qaratish zarur deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston mazkur mojaroni deeskalatsiya qilish va tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan har qanday xalqaro yoki mintaqaviy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor», deyiladi vazirlik bayonotida.

22 aprel kuni Kashmirda hindistonlik sayyohlarga uyushtirilgan hujumga javoban Hindiston armiyasi 7 mayga o‘tar kechasi «Sindur operatsiyasi»ni boshladi. Pokiston tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, aviazarbalar oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Pokiston bu zarbalarga javoban artilleriyasini ishga soldi va hind harbiylarining beshta samolyoti urib tushirilganini ma’lum qildi. Hindiston tomoniga ko‘ra, Pokistonning javob zarbalari oqibatida Kashmirda tinch aholi vakillaridan 7 kishi halok bo‘lib, 35 kishi yaralangan.

Mavzuga oid