Zarbalar almashuvidan keyin Pokiston va Hindistonda nimalar bo‘lmoqda - fotolar
Hindiston Pokistondagi «terrorchilik infratuzilmalari»ga zarba yo‘lladi. Islomobod Hindiston hududi bo‘ylab zarbalar bilan javob qaytardi.

Sajjad Hussan / AFP / Scanpix / LETA
Hindiston Pokistondagi «terrorchilik infratuzilmalari»ga zarba yo‘lladi
6 may kuni kechqurun Hindiston «Sindur» harbiy operatsiyasi o‘tkazilishini e’lon qildi, uning doirasida mamlakat qurolli kuchlari Pokistondagi «terrorchilik infratuzilmalari»ga, shuningdek, Hindiston, Pokiston va Xitoy o‘rtasida bo‘lib olingan bahsli hudud – Kashmirning Pokiston hududidagi qismiga raketa zarbalari yo‘lladi.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Vikram Misri hujum maqsadini «terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish» deb atadi. Hindiston tomonining ta’kidlashicha, armiya terrorchilik infratuzilmasining to‘qqizta asosiy obektiga «aniq zarbalar» bergan, ulardan to‘rttasi Pokiston ichkarisida, yana beshtasi Kashmirning Pokiston nazoratidagi qismida joylashgan. Hindiston tomoni nishonlarning barchasi «muvaffaqiyatli zararsizlantirilgani»ni ma’lum qilgan.
Hindistondagi The Economic Times nashri nishonlar qatorida Hindiston hukumati turli terrorchilik guruhlari bilan aloqador deb hisoblagan o‘quv markazlari, uchirish maydonchalari, mashg‘ulot lagerlari va boshqa obektlarni sanab o‘tgan.

M.D. Mughal / AP / Scanpix / LETA

M.D. Mughal / AP / Scanpix / LETA

K.M. Chaudary / AP / Scanpix / LETA
7 may tongida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Xorvatiya, Niderlandiya va Norvegiyaga safarini qoldirdi, deb xabar berdi CNN yuqori martabali mulozimga tayanib. Buning rasmiy sababi keltirilmagan, Modining o‘zi mojaro keskinlashuvi hamda Hindiston harbiy amaliyoti yuzasidan hozircha izoh bermadi.
Pokiston Hindiston bo‘ylab javob zarbalari yo‘lladi
Hindiston hujumiga javoban Pokiston harbiy-havo kuchlari va armiyasi Hindiston hududiga «ham havodan, ham yerdan» zarbalar berdi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Hindistonning hujumini «qo‘rqoqlik» deb atadi va uning nishonlari beshta aholi yashash manzillari bo‘lganini aytdi. «Makkor dushman Pokistondagi aholi yashash manzillari bo‘lgan beshta joyga qabihona zarba berdi. Pokiston Hindiston qo‘zg‘agan ushbu urush harakatiga qat’iy javob berishga to‘liq haqli va bunga qat’iy javob allaqachon berilmoqda», – deb yozgan Sharif.
Pokiston harbiylar «o‘zini himoya qilish maqsadida» Hindiston havo kuchlarining bir necha samolyotini urib tushirganini ma’lum qilgan – turli ma’lumotlarga ko‘ra, uchtadan beshtagacha. Pokiston axborot vaziri Attaulla Tarar Hindistonning uchta samolyoti va bitta droni urib tushirilganini ma’lum qildi. Pokistonning Geo TV nashri yozishicha, beshta samolyot, jumladan, Fransiyada ishlab chiqarilgan uchta Rafale qiruvchi samolyoti, shuningdek, bittadan MiG-29 va Su-30 ham urib tushirilgan. Reuters Jammu va Kashmir shtati hukumatidagi to‘rtta manbasiga tayanib yozishicha, bahsli hududda uchta qiruvchi samolyot halokatga uchragan. Hindiston tomoni qiruvchi samolyotlarini yo‘qotganini tasdiqlamadi va ijtimoiy tarmoqlarda Pokistonning Srinagar aviabazasiga hujumi haqida tarqalgan postlarni feyk deb atadi.

Channi Anandi / AP / Scanpix / LETA

Reuters / Scanpix / LETA

Sajjad Qayyum/ AFP / Scanpix / LETA
Reuters Pokiston armiyasining so‘nggi ma’lumotlariga asoslanib, hind qo‘shini hujumi oqibatida tinch aholi vakillaridan 26 kishi halok bo‘lib, yana 46 kishi tan jarohati olgani haqida xabar tarqatgan. Hind politsiyasiga ko‘ra, pokistonliklarning Kashmir bo‘ylab javob zarbalari oqibatida 10 kishi halok bo‘lib, 48 kishi yaralangan.
Aviakompaniyalar parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirmoqda
Pokiston hindlarning zarbalaridan keyin o‘z havo kengliklarini 48 soat muddatga yopib qo‘ydi. Bu esa qator xorijiy aviakompaniyalar — Vietnam Airlines, Korean Air, Thai Airways, China Airlines kabilar o‘z parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishiga olib keldi.
Xususan, «Aeroflot» aviakompaniyasining Moskvadagi Sheremetevo aeroportidan Pxuketga SU284-reysni amalga oshirgan samolyoti Pokiston havo kengligi yopilgan mahalda Toshkent osmonida ortga burilgan va ekipajni almashtirish va yonilg‘i quyish uchun Moskvaga qaytgan. Moskvadan Nyu Dehliga uchgan yana bir samolyot Toshkentdagi aeroportga qo‘ngan. «Aeroflot»dagilar Pokiston havo hududi yopilishi munosabati bilan Moskvadan Hindiston, Tailand, Shri-Lanka, Maldiv va Seyshel orollariga va ushbu hududlardan ortga uchayotgan barcha reyslar «yopiq zonani aylanib o‘tuvchi muqobil yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi»ni ma’lum qilgan. Bu parvozlar davomiyligini 1–2 soatga oshiradi, deya qo‘shimcha qilgan aviakompaniya.


Asif Hassan / AFP / Scanpix / LETA
Oq uydagilar vaziyatni «diqqat bilan kuzatib borayotgani»ni ma’lum qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaro «tez fursatda yakunlanishi»ga umid bildirdi. «Bu juda achinarli. Biz bundan hozirgina xabar topdik. Aynan Oval kabinetga kirayotganimizda men bu haqda eshitdim. Aftidan, odamlar avvalgi voqealarni hisobga olib, shunga o‘xshash narsa sodir bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan. Ular [Hindiston va Pokiston] uzoq vaqtdan beri ziddiyatda. Juda ko‘plab o‘n yilliklar va hatto yuz yilliklar mobaynida. Bu tez orada tugashiga umid qilaman», — degan Tramp Oq uyda jurnalistlarga.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatni «diqqat bilan kuzatib borayotgani» va harbiy mojaro «tezda yakunlanishi»ga umid qilayotganini aytgan. U Davlat departamenti «Hindiston hamda Pokiston rahbariyatini mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga jalb qilishda davom etishi»ni qo‘shimcha qilgan.

Nadeem Khawer / EPA / Scanpix / LETA

Dar Yasin / AP / Scanpix / LETA
Mintaqadagi mojaro Jammu va Kashmirda sayyohlarga hujumdan keyin keskinlashdi
Himolay tog‘laridagi chegara mintaqasi – Kashmir uchun Hindiston-Pokiston mojarosi 1947 yilda ikki davlat mustaqilligi e’lon qilinganidan beri davom etmoqda. Shu paytgacha uchta yirik urush bo‘lib o‘tdi: 1947-1949 yillarda, 1965 yilda va 1971 yilda, shuningdek, ko‘plab ahamiyati kamroq bo‘lgan to‘qnashuvlar.
2025 yil 22 aprel kuni Jammu va Kashmir shtatining Hindiston nazoratidagi qismida joylashgan Pahalgam shahri yaqinida qurollangan shaxslar bir guruh sayyohlarga qarata o‘t ochdi, 26 kishi halok bo‘ldi. Shu bilan birga, hujum qilganlar o‘z qurbonlaridan qaysi dinga e’tiqod qilishini so‘ragan va o‘zlarini hindu deb ataganlarni o‘ldirgan.
Sayyohlarga hujum uchun javobgarlikni o‘zini «Qarshilik fronti» deb atagan harbiylashgan guruh o‘z zimmasiga oldi. U «Lashkar-e-Tayba» («Yaxshilar armiyasi») tashkilotiga aloqador. Ushbu tashkilot Pokiston hududida joylashgan bo‘lib, Pokistonning bosh maxsus xizmati – Idoralararo razvedka bilan uzoq yillik aloqalarga ega.
Hindiston rasmiylari Pokistonni teraktda hech bo‘lmaganda qisman aybdor deb hisoblashini ma’lum qildi. Inqiroz shiddat bilan rivojlandi: Hindiston Pokiston fuqarolari uchun vizalarni bekor qildi va ularga mamlakatni tark etishni buyurdi. Pokiston bunga javoban Hindiston bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatdi va «Hindistonga tegishli yoki undan foydalanadigan» barcha aviakompaniyalar uchun o‘z havo hududini yopdi. Bundan tashqari, Hindiston Hind daryosi to‘g‘risidagi 1960 yilgi shartnomani bir tomonlama to‘xtatishini e’lon qildi, ya’ni Pokistonga qurg‘oqchilik bilan tahdid qildi: uning butun qishloq xo‘jaligi Hindistonda joylashgan daryo tizimiga o‘ta qaram. Pokiston, o‘z navbatida, so‘nggi yirik hind-pokiston urushini yakunlagan 1972 yilgi Siml kelishuvining amal qilishini to‘xtatdi.
Mavzuga oid

17:04
Pokiston - Hindiston havo jangi tarixdagi eng yiriklaridan biri bo‘ldi

20:58 / 07.05.2025
O‘zbekiston Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi

18:26 / 07.05.2025
Hindiston Pokistonga suv yetkazib berishni to‘xtatdi

17:27 / 07.05.2025