Jahon | 20:58 / 10.05.2025
2044
2 daqiqa o‘qiladi

Kellog 30 kunlik otashkesimdan keyin Ukraina mojarosiga barham berilishini aytdi

Ukraina 12 maydan boshlab 30 kun davomida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini ma’lum qildi.

Kit Kellog Foto: Sarah Silbiger / Keystone Press Agency / Global Look Press

30 kunlik keng qamrovli sulh Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli mojaroga barham berish jarayonini boshlaydi, dedi AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog.

«AQSh prezidenti bir necha bor aytganidek, qotillikni to‘xtating - hoziroq», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Kellog Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari Andrey Sibiganing Kiyev 12 maydan boshlab 30 kun davomida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligi haqidagi bayonotini shunday izohladi.

«Ukraina va barcha ittifoqchilar kamida 30 kun davomida quruqlikda, havoda va dengizda to‘liq, so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor», deb yozgan edi Sibiga o‘z Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya rozi bo‘lsa va samarali monitoring ta’minlansa, «uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish va ishonchni mustahkamlash choralari tinchlik muzokaralariga yo‘l ochishi mumkin».

Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochish to‘xtatilgan taqdirda AQSh va Yevropa Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatishi kerak, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu borada.

«Aks holda o‘t ochishni to‘xtatish Kiyev uchun foydali bo‘ladi. Ukraina jami safarbarlikni davom ettiradi, yangi qo‘shinlarni frontga o‘tkazadi. Va bu muddatdan yangi harbiy xizmatchilarni tayyorlash va xizmatda bo‘lganlarga dam berish uchun foydalanadi», dedi Peskov. «U holda nega biz Ukrainaga bunday ustunlik berishimiz kerak?», deb so‘radi u.

Mavzuga oid