Jahon | 21:30 / 12.05.2025
12948
5 daqiqa o‘qiladi

Yelisey saroyi Makron ishtirokidagi videoga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Makron poyezdda Mers va Starmer bilan Kiyevga ketayotganida stolda turgan salfetkani olib tashlagani aks etgan video keng muhokama qilindi. Rossiya propagandasi bu salfetka emas, kokain o‘rami ekani haqida bong urdi. Yelisey saroyi tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi.

Ludovic Marin / Reuters / Scanpix / LETA

Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya yetakchilari Emmanuel Makron, Kir Starmer va Fridrix Mers 9 may kuni kechqurun poyezdda Kiyevga yo‘l olishdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari jurnalistlar safar vaqtida olgan videoyozuvlardan biriga e’tibor qaratishdi va Yevropa yetakchilari kokain iste’mol qilganini taxmin qila boshlashdi. Foydalanuvchilar Makron jurnalistlar oq o‘ramni, Mers esa cho‘pga o‘xshash qandaydir buyumni yashirganiga e’tibor qaratishgan.

Rossiya propagandasi darhol hodisaga munosabat bildirdi. Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova videoni izohlay turib, Yevropa yetakchilarini giyohvand modda iste’mol qilganlikda aybladi.

«Zelenskiyni Yevropada kelishuvni buzish va qon to‘kishni davom ettirish bo‘yicha navbatdagi dahshatli fitnaga itarib, anekdotda aytilganidek, fransuz, ingliz va nemis poyezdga o‘tirdi va... pufladi. Aftidan, shunchalikki, jurnalistlar kelguncha ashyolarni (paket va qoshiqchani) yig‘ishtirib qo‘yishni unutishgan. Yevropa taqdirini har jihatdan qaram bo‘lgan vaqtinchalik rahbarlar hal qilmoqda», – deb yozdi Zaxarova 11 may kuni o‘zining telegram-kanalida.

Rossiya TIV vakili 2022 yilda g‘arb elchilaridan biri uning «ko‘p yillardan beri kokain iste’mol qilib kelayotgan» «betayin giyohvand Zelenskiy»ga qurol yetkazib berish haqidagi savoliga «Yevropa Ittifoqi uchun bu normal holat – ko‘plab G‘arb davlatlari rahbarlari ham iste’mol qiladi», deb javob berganini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev ham video yuzasidan munosabat bildirgan. «Bu kadrlar sun’iy intellektda qilinganmi yoki haqiqiymi? Agar haqiqiy bo‘lsa, biz nimani ko‘rdik – shakarmi yoki mutlaqo boshqa narsanimi? Agar boshqa narsa bo‘lsa, bu so‘nggi vaqtlarda yangragan ko‘plab g‘oyalar va takliflarni izohlaydi», – deya yozgan Dmitriyev X ijtimoiy tarmog‘ida 11 may kuni.

Liberation nashri e’tibor qaratishicha, AFP va Associated Press agentliklari tomonidan olingan yuqori sifatli videoyozuv va fotosuratlarda oq kukunli paket ekani aytilgan ashyo – aslida burun artiladigan va g‘ijimlangan dastro‘moldir, somoncha shaklidagi buyum esa qoshiqcha yoki tish kavlagichga o‘xshaydi.

Fransiya prezidenti ma’muriyati Yevropa rahbarlari Ukrainaga safar chog‘ida go‘yoki giyohvand moddalar iste’mol qilgani haqidagi xabarni tarqatganlarni «Fransiya dushmanlari» deb atagan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyevga safar vaqtida. 2025 yil 9 may
Ludovic Marin / Reuters / Scanpix / LETA
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyevga borgan poyezd vagonidagi stolning yaqinroqdan tasviri. 2025 yil 9 may
Ludovic Marin / Reuters / Scanpix / LETA

«Yevropa birdamligi noqulaylik tug‘dirganida, dezinformatsiya shu darajaga yetadiki, oddiy salfetka giyohvand modda kabi ko‘rinadi. Bu soxta xabarlar Fransiya dushmanlari tomonidan xorijda ham, mamlakat ichida ham tarqatilmoqda. Biz hushyorlikni saqlashimiz va manipulyatsiyalarga berilmasligimiz kerak», – deyiladi Yelisey saroyining 12 mayga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan xabarida.

Kiyevda Emmanuel Makron, Kir Starmer va Fridrix Mers Rossiyani 12 maydan boshlab 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bunga javoban Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga 15 may kuni Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlashni taklif qildi. Rossiya 12 maydan sulh e’lon qilish chaqirig‘iga e’tibor qaratmadi va Ukrainaga 100 dan ortiq dron uchirdi.

Mavzuga oid