O‘zbekiston | 18:09 / 13.05.2025
3353
2 daqiqa o‘qiladi

Deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish tartibi belgilandi

Deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlari fuqarodan undirib olinadi.

Foto: Getty images

Hukumat qarori bilan tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchiligini buzishi oqibatida deportatsiya qilingan fuqarolarini qaytarish va bu bilan bog‘liq xarajatlarni undirish tartibi joriy etildi.

Qarorga ko‘ra, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlat qonunchiligini buzishi oqibatida deportatsiya qilingan fuqarolarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanadi:

- deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlarini fuqarodan undirib olinadi;

- Migratsiya jamg‘armasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalari qaytarib undiriladi;

- 1 yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmaydi.

Deportatsiya qilingan fuqarolar quyidagilar asosida qaytariladi:

- ularning O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaati;

- ular va yaqin qarindoshlarining Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari, hududiy filiallariga murojaati;

- xorijiy davlatlar vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan deportatsiya qilingan fuqarolar bo‘yicha ma’lumotlar.

Deportatsiya qilingan fuqarolar ularning transport xarajatlarini moliyalashtirish orqali qaytariladi.

Fuqaroning moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizasi ijobiy ko‘rib chiqilganidan so‘ng 1 ish kunida Migratsiya agentligi va fuqaro o‘rtasida qarz shartnomasi tuziladi. Shartnomaga muvofiq moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablag‘larning o‘rnini 30 kun muddatda qoplashi lozim.

Mavzuga oid