O‘zbekiston | 12:44 / 16.05.2025
1136
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Bolgariya mehnat migratsiyasi bo‘yicha bitim imzolashi mumkin

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olim Abdullayev Bolgariya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mariya Angeliyeva bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: dunyo.info

TIV ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar siyosiy va konsullik yo‘nalishlaridagi muloqotni faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalarni tizimli asosda ko‘rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv davomida mehnatkashlar, xususan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish, ular orasida vijdonsiz ish beruvchilardan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bolgariya tomoni mehnat migratsiyasi bo‘yicha doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ta’kidladi hamda yaqin kelajakda ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama bitimlar imzolanishi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishini o‘tkazish zarurligini qayd etdilar.

Tashrif doirasida Bolgariya parlamentining Mehnat qo‘mitasi raisi Densa Sacheva, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Lyubomir Yosifov hamda Bolgariya Savdo-sanoat palatasi raisi Tsvetan Simeonov bilan kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda mehnat migratsiyasi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, qo‘shma o‘quv markazlarini tashkil etish, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va qo‘shma loyihalar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidlab, erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishga to‘liq tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mavzuga oid