Jahon | 12:34 / 17.05.2025
2332
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya muzokaralar kunida Ukrainaga dronlar bilan hujum qilishda davom etdi

Kechasi rossiyalik harbiylar Ukraina hududi uzra 112 ta dronni uchirdi, ularning aksariyati urib tushirildi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari. Kun davomida dron hujumlari davom etib, kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi.

Foto: Middle East Images/picture alliance

16 may, juma kuni Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida 2022 yildan buyon birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar Istanbulda bo‘lib o‘tganida, rus qo‘shinlari qo‘shni davlat hududiga uchuvchisiz uchoqlar yordamida hujum qilishda davom etdi.

Jumaga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari hududga 112 ta dron uchirdi, deb xabar berdi Ukraina harbiy-havo kuchlari Telegramʼda. Rossiyaning 73 ta hujumchi uchuvchisiz uchoqlari urib tushirildi, 36 ta imitator uchuvchisiz uchoq nishonga yetib bormadi, deya xabar beradi Ukraina Qurolli kuchlari. Odessa viloyati harbiy boshqarmasi rahbari Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, tungi zarbalar natijasida uch kishi jarohatlangan, ularning barchasi kasalxonaga yotqizilgan.

Mahalliy prokuraturaning xabar berishicha, soat taxminan 7:30 da Xerson viloyatining Berislav shahrida UUA hujumi natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘lgan. Yana bir kishi jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgan. Ertalab soat 9:05 da Xerson shahar kengashi gumanitar yordam yuklayotgan shahar ma’muriyatining uch xodimi otishma ostida yaralanganini qo‘shimcha qildi.

Xarkiv VHM rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat taxminan 8:00 da Kupyansk shahriga FPV-droni bilan zarba berilgan. Oqibatda 55 yoshli kommunal xizmatchi halok bo‘ldi. Uning hamkasblari, to‘rt nafar erkak jarohatlangan, ulardan uch nafari kasalxonaga yotqizilgan. Xizmat avtomobili ham shikastlangan.

Pokrovsk shahrida ertalabki otishmalar natijasida besh nafar tinch aholi vakili jarohatlandi, deb yozdi Donetsk VHM rahbari Vadim Filashkin Telegramʼda. Uning qo‘shimcha qilishicha, FPV-dronining yengil avtomobilga hujumi natijasida yana bir kishi jarohatlangan.

Mavzuga oid